The Heritage Foundation bahosiga ko‘ra, milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokining darajasi jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 184 ta davlat orasida 86-o‘rinni egallab, 60,3 ball to‘pladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,3 ballga yuqori. Mazkur natija «asosan erkin iqtisodiyot» toifasiga mos keladi. Umumiy ball bo‘yicha O‘zbekiston nafaqat jahon o‘rtacha darajasidan (59,9), balki Osiyo-Tinch okeani mintaqasi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ham (58,6) yuqori natija qayd etdi.
Subindekslar tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston 12 ta yo‘nalishdan 8 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlarini yaxshilagan, 2 ta indikatorda o‘zgarish kuzatilmagan, yana 2 tasida esa ozgina pasayish qayd etilgan. Umuman olganda, bu holat tarkibiy islohotlar ijobiy sur’atda kechayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini baholash yo‘nalishida soliq yuki 95 ball, davlat xarajatlari 73,7 ball, davlat moliyasining barqarorligi esa 79,9 ballni tashkil etdi. Barcha ko‘rsatkichlar jahon o‘rtacha darajasidan yuqori hisoblanadi.
🔫Olingan natijalar institusional muhitning bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotganini va bozor mexanizmlarining kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatda iqtisodiy erkinlikni yanada kengaytirish va barqaror o‘sishni ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratadi.