2025 yil 7–11 iyul kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “WSIS+20” sammitida Progressiv islohotlar markazi (PIM) vakillari ishtirok etmoqda. “WSIS+20” – Axborot jamiyati bo‘yicha Butunjahon sammiti — Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida o‘tkaziladigan, raqamli rivojlanish, AKT siyosatdagi yutuqlar va inklyuziv muloqotni ilgari surishga qaratilgan global platformadir. 2025 yilgi forum “WSIS+20” tashabbusining 20 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, dunyo miqyosidagi hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar va xususiy sektor vakillarini birlashtirmoqda.
Mazkur sammitda ilk bor joriy yilning 10 iyul kuni Progressiv islohotlar markazi tomonidan “O‘zbekistonda media va AKTni rivojlantirish: Raqamli inklyuziya va infratuzilmani kuchaytirish” mavzusida maxsus panel sessiyasi tashkil etiladi. Sessiyada yurtimizda raqamlashtirish sohasidagi yutuqlar, kuchli axborot jamiyatini shakllantirish hamda O‘zbekistonning bu boradagi milliy tajribasi muhokama qilinadi. PIM direktori Mirshohid Aslanov, PIM markazi direktor o‘rinbosari Qadambay Sultanov va “Digital Generation Uzbekistan” koordinatori Ummatoy Yuldasheva ushbu panel sessiyasida o‘z taqdimoti bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan elektron boshqaruv tizimini joriy etish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtiriladi. Aholining barcha qatlamlari uchun raqamli infratuzilmaning ochiqligi va qulayligini ta’minlash, shuningdek, axborotdan foydalanish huquqini kafolatlovchi inklyuziv va ishonchli media ekotizimini shakllantirish yo‘nalishidagi tashabbuslar muhokama qilindi. Shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish, elektron petisiyalar kabi raqamli vositalarning davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.
Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov ta’kidlashicha: “Islohotlar yo‘lidan ketayotgan O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun fuqarolik jamiyatining global maydonda o‘z pozisiyasini bildira olishi nihoyatda muhim. “WSIS+20” singari xalqaro platformalar mustaqil institutlarga tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va raqamli o‘zgarishlarni shaffof va inklyuziv tarzda olib borish imkonini beradi.”
PIM vakillarining “WSIS+20” sammitidagi ishtiroki O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining global raqamli siyosatdagi faolligini aks ettiradi. Markaz o‘zining tadqiqotlarga asoslangan yondashuvi orqali xalqaro muloqotga qo‘shilmoqda va kelajakka tayyor, adolatli raqamli tizimlarni yaratishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan.