Mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari o‘zlarini Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanliklarini yaqqol namoyish etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasi hududida o‘tkazilgan VIII Xalqaro «Jamoa ruhi» musobaqasida munosib ishtirok etdi.
Musobaqada O‘zbekiston razvedkachilari rekord natija bilan Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga muyassar bo‘lib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Musobaqa Pokiston Islom Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli 22 armiya korpusining Terrorizmga qarshi kurashish milliy o‘quv markazi (Pabbi sh.) bazasida o‘tkazildi, deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti ma’lumotida.
Unda jami 14 ta davlat – O‘zbekiston, Bahrayn, Saudiya Arabistoni (4 ta jamoa), AQSH, Marokash, Xitoy, Iordaniya, Iroq, Turkiya, Maldiv orollari, Shri Lanka, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston va Qatardan 17 ta xalqaro jamoa va Pokiston Islom Respublikasining 14 ta jamoasi bellashdi (umumiy 31 ta jamoa).
Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar 90 kilometr (60 soat vaqt ichida)gacha bo‘lgan marshrutning 7 ta nazorat nuqtasida azimut bo‘yicha harakatlanib, unda taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollardan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni, shuningdek, kutilmagan testlarni yechish mashqini bajardilar.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi qur’aga binoan birinchi nazorat nuqtasidan 17-bo‘lib harakatlanishni boshlagan bo‘lsa-da, har bitta nuqtada maxsus vazifalarni muvafaqqiyatli bajarib, marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Bu orqali mamlakatimiz harbiy jamoasi o‘zining jipsligi va qo‘yilgan vazifalarni yuqori saviyada bajarishi bilan ajralib turdi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi 34 daqiqa 15 soniyada 90 kilogramm yaradorni to‘liq anjom-aslahalar bilan evakuasiya qilish (5 kilometr masofaga yugurish) vazifasini bajarib, musobaqa rekordini o‘rnatdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin – O‘zbekiston Respublikasi jamoasi (95 foiz natija);
2-o‘rin – Xitoy jamoasi (74 foiz natija);
3-o‘rin – Bahrayn jamoasi (65 foiz natija)ga nasib etdi.
Xalqaro musobaqaning yopilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medal bilan taqdirlandi.