Bugun 8 oktyabr, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston harbiylari Britaniyadagi xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

O‘zbekiston harbiylari Britaniyadagi xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

4−7 oktyabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Uelsda (Buyuk Britaniya) o‘tkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro harbiy musobaqasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Qayd etilishicha, musobaqada 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etgan.

Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, eng murakkab tabiiy va taktik to‘siqlarni yenggan. Har 8−10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operasiyalari va murakkab joylarda yo‘nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajargan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi o‘z guruhida 13 ta jamoa orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ular barcha bosqichlarda muvaffaqiyatli tarzda zararlangan hududlardan o‘tib, taktik operasiyalardagi mahoratini ko‘rsatib, marshrutni birinchilar safida yakunlagan.

Umumiy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi.

«Britaniyalik harbiy mutaxassislar O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal ko‘nikmalarini e’tirof etdilar», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, «Kembriya patruli» 60 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinadi, musobaqa dunyo bo‘ylab harbiy bo‘linmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar ko‘nikmalari va chidamliligini sinovdan o‘tkazadi. Unda ishtirokchi bo‘linmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 70 km masofani bosib o‘tib, ko‘plab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradilar. Mashg‘ulotlar Uelsning markaziy qismidagi tog‘lar va botqoqliklar kabi o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi o‘tgan yillarda ham «Kembriya patruli»da muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 2019 yilda jamoa ushbu musobaqada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, 2020, 2021 va 2022 yillarda ikkinchi o‘rinni egallagan.

Kiritildi: Bugun 17:50. O'qildi: 315 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!