2024 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 163 davlat orasida xavfsizlik va tinchlik darajasiga ko‘ra 60-o‘rinni egalladi. Reytingda mamlakatlar ijtimoiy barqarorlik, ichki va tashqi mojarolar hamda jinoyatchilik darajasiga ko‘ra baholangan.
26 may kuni e’lon qilingan jahon mamlakatlarining xavfsizlik va tinchlik darajasi bo‘yicha xalqaro reytingida O‘zbekiston 60-o‘rinni egalladi. Ushbu baholash 2024 yildagi ko‘rsatkichlarga asoslangan bo‘lib, dunyo bo‘yicha 163 davlat qamrab olingan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa O‘zbekistonning qo‘shnisi Qozog‘iston 59-o‘rin bilan yetakchilik qilmoqda. Tojikiston — 72-o‘rin, Qirg‘iziston — 78-o‘rin, Turkmaniston — 83-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkichlar mintaqa davlatlarining umumiy barqarorlikka erishishga harakat qilayotganini aks ettiradi.
Janubiy Kavkaz davlatlari orasida esa pasayish qayd etildi: Ozarbayjon 106-o‘ringa tushdi (avvalgi o‘rni — 95), Armaniston 77-o‘ringa (66-dan), Gruziya esa 100-o‘ringa (94-dan) pasaydi.
Reytingning eng yuqori beshligini Islandiya, Irlandiya, Avstriya, Yangi Zelandiya va Singapur tashkil etdi. Ularda jinoyatchilik past, ichki siyosiy barqarorlik yuqori va tashqi mojarolardan xoli hisoblanadi.
Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina ro‘yxatning eng past qismida joy olgan — Rossiya 156-o‘rin, Ukraina esa 159-o‘rinda. Yemen so‘nggi — 163-o‘rinni egalladi. Bu davlatlardagi urush va harbiy mojarolar ularning reytingdagi joyiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.