O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Toshkent shahrida o‘tgan TURKSOYning 30 yillik yubiley tantanalari doirasida turkiy davlatlar orasida madaniyat va san’atning keng targ‘iboti, professional mahorati bilan turkiy davlatlarda obro‘ va e’tibor qozongan taniqli madaniyat va san’at xodimlari uchun ta’sis etilgan “Oltin medal” mukofoti bilan taqdirlandi.
Mukofotni TURKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayev topshirdi.
Turk dunyosining mushtarak tomi bo‘lgan TURKSOY, tashkil topganidan buyon turli xil madaniy tadbirlarni amalga oshirdi, opera kunlari, shoirlar, bastakorlar, fotosuratchilar, haykaltaroshlar va rassomlar uchrashuvlari, xalqaro festivallar, xotira va nishonlash kunlari, ko‘rgazmalar tashkil qildi, konferensiyalar, simpoziumlar va davra suhbatlari o‘tkazdi, jurnallar va kitoblar nashr etdi, madaniy aloqalarimiz va qardoshlik rishtalarining mustahkamlanishi va umumiy madaniyatimizni dunyoga tanitish uchun faoliyat olib bordi.
Turk dunyosi rassomchilik san’atini tanitish, rassomlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash hamda tajriba almashish imkoniyatini berish maqsadida 25 yildan beri “TURKSOY rassomlar uchrashuvi” tashkil qilmoqda.
Joriy 2023 yilning aprel oyida Badiiy akademiya tomonidan o‘tkazilgan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi” deb nomlangan badiiy ko‘rgazma tashkil qilindi.
Bularning barchasi o‘zaro hamjihatlikda qadim turkiy madaniyat, san’atni rivojlantirish yo‘lida munosabatlar tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.