Bugun 19 mart, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqish uchun kurashni davom ettiradi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqish uchun kurashni davom ettiradi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 2027-yilning iyun-iyul oylarida Braziliyada bo‘ladigan Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan pley-off uchrashuvida Filippin vakillariga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida o‘tkazib yuborilgan ikki gol sababli jamoa kelasi yili Janubiy Amerika qit’asida bo‘lib o‘tadigan mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Filippin esa ushbu g‘alaba evaziga musobaqa yo‘llanmasini naqd qildi.

Kotrina Kulbite shogirdlari Osiyo Kubogi guruh bosqichida Xitoy va Shimoliy Koreyadan yirik mag‘lubiyatlar qabul qilgan bo‘lsalar-da, Bangladesh ustidan qozonilgan g‘alaba jamoani pley-off bosqichiga olib chiqqan edi. Chorak finalda Janubiy Koreyaga imkoniyat boy berilgach (0:6), jamoada hali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun qo‘shimcha imkoniyat saqlanib turgan edi. Biroq Filippindan uchralgan mag‘lubiyat bu yo‘lni yakunladi.

Endilikda O‘zbekiston ayollar terma jamoasini Jahon chempionati uchun qit’alararo pley-off bahslari kutmoqda. Bu jarayon ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqich 2026-yilning noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi va unda turli qit’alardan kelgan 6 ta jamoa ishtirok etadi. Ulardan faqat ikkitasi keyingi bosqichga o‘tadi. 2027-yilning fevralida o‘tkaziladigan ikkinchi bosqichda esa jami 6 ta jamoa 3 ta yo‘llanma uchun kurashadi. O‘zbekiston terma jamoasi Braziliyadagi mundialga borishi uchun mana shu murakkab saralashdan o‘tishi talab etiladi.

Kiritildi: Bugun 16:12. O'qildi: 261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!