Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniyning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda Eron davlat teleradiokompaniyasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Kreml rahbari o‘z murojaatini Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyga yo‘llagan. Putin unda Larijoniy bilan bir necha bor uchrashganini eslab, uni “dono va uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi” sifatida ta’riflagan.
“U o‘z xalqining manfaatlarini qat’iy himoya qilgan, Rossiyaning haqiqiy do‘sti edi”, degan Putin. Uning ta’kidlashicha, Larijoniy Moskva va Tehron o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.
Ma’lumot uchun, Ali Larijoniy Eron siyosiy tizimida uzoq yillar davomida muhim figura bo‘lib kelgan. U 2005–2007 yillarda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi sifatida yadroviy dastur bo‘yicha bosh muzokarachi bo‘lgan. 2015 yilda esa parlament spikeri sifatida yadroviy kelishuv muhokamalarida faol ishtirok etgan.
Larijoniy va Putin o‘rtasida bir necha uchrashuvlar o‘tkazilgan. Jumladan, 2015 yil oktyabrda Sochi shahrida hamda 2026 yil yanvarda Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan.