Hijriy taqvim Oyning harakatiga asoslanadi. Yangi hilol ko‘ringan kunning ertasi yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Shu sababli qamariy oylar 29 yoki 30 kun davom etadi, yil esa 354 yoki 355 kundan iborat bo‘ladi. Bu milodiy yildan 10–11 kunga qisqaroq demakdir.
Milodiy oylarda kunlar soni o‘zgarmas bo‘lsa, hijriy oylarning davomiyligi tabiiy hodisa — yangi oyning ko‘rinishiga bog‘liq. Shuning uchun Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kun bo‘lishi tabiiy hol.
Manbalarga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinada to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Shu yillarning aksariyatida ro‘za 29 kun, ayrimlarida esa 30 kun bo‘lgan. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga 30 kundan ko‘ra ko‘proq 29 kun ro‘za tutganmiz” (Imom Ahmad rivoyati).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ikki bayram oyi kamaymaydi: Ramazon va Zulhijja” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati), — deb marhamat qilganlar.
Ulamolarning ta’kidlashicha, bu hadisda mazkur oylar fazilat va savob jihatidan kamaymasligi anglatilgan. Ya’ni, Ramazon 29 kun bo‘lgan taqdirda ham, uning ajr-mukofoti to‘liq hisoblanadi.
Demak, Ramazon oyining 29 yoki 30 kun bo‘lishi — falakiy qonuniyat. Bu hol ro‘zaning savobiga ta’sir qilmaydi. Eng muhimi — ibodatni ixlos va shariat talablariga muvofiq ado etishdir.
