Bugun 19 mart, 2026 yil, payshanba

КИР

AQShning eng katta aviatashuvchisi Gerald R. Ford'da yong‘in sodir bo‘ldi, kema Eronga qarshi urushda safdan chiqishi mumkin

AQShning eng katta aviatashuvchisi Gerald R. Ford'da yong‘in sodir bo‘ldi, kema Eronga qarshi urushda safdan chiqishi mumkin

Bu haqda New York Times nashri AQSh dengizchilari va harbiy mulozimlarining so‘zlariga tayanib xabar berdi.

"12 mart kuni yong‘in kemaning kir yuvish xonasidagi kiyim quritgich ventilyasiyasida boshlangan va tezda kemaning boshqa qismlariga tarqalgan. Dengizchilar olov bilan 30 soatdan ko‘proq kurashgan. Rasmiylarning aytishicha, yong‘in yakunlangunga qadar 600 dan ortiq dengizchi va ekipaj a’zosi yotoq joylaridan ayrilgan. Ular o‘shandan beri pol hamda stollar ustida tunab qolmoqda. Bundan tashqari, ko‘plab dengizchilar yong‘in bo‘lgan bir haftadan beri kiyimlarini yuvish imkoniga ega bo‘lmayapti", deya yozmoqda nashr.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlari nashrning izoh berish borasidagi so‘rovlariga javob bermadi. Qo‘shma Shtatlar Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) esa o‘z bayonotida yong‘in "kemaning harakatlantiruvchi qurilmasiga zarar yetkazmagani va aviatashuvchi to‘liq ish holatida qolayotgani"ni bildirdi.

Shuningdek, AQSh Markaziy qo‘mondonligi ikki dengizchi "hayot uchun xavfli bo‘lmagan jarohatlar" oqibatida muolaja olganini ma’lum qilgan. NYT'ning kemadagi manbalariga tayanib xabar berishicha, o‘nlab harbiy xizmatchilar tutundan zaharlangan.

Harbiy mulozimning aytishicha, Pentagon aviatashuvchining o‘z xizmat ko‘rsatish qobiliyati chegarasiga yetib borayotganidan xabardor. Shu bois boshqa bir aviatashuvchi George H.W. Bush Yaqin Sharqqa jo‘nashga tayyorlanmoqda. U katta ehtimol bilan Gerald R Ford'ning o‘rnini egallaydi. AQShda bunday yirik aviatashuvchilardan 11 ta bor.

Dunyodagi eng yirik aviatashuvchi hisoblangan Gerald R Ford hozirda Qizil dengizda. Ikki amerikalik rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, u vaqtincha Gresiyaning Krit oroliga boradi. Ismi sir qolish sharti bilan gapirgan rasmiylar aviatashuvchining Kritda qancha vaqt qolishi kutilayotganini aytmadi.

Kiritildi: 22:45 18.03.2026. O'qildi: 577 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!