Toshkentda O‘zbekistonda «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyaning bajarilishini tashkil etish masalalari bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash ish natijalarini sarhisob qilish uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mustaqil Bolalar huquqlarini himoya qiluvchi Ombudsmanni tashkil etish masalasi O‘zbekistondagi YUNISEF vakolatxonasining rahbari Sasha Graumann tomonidan ilgari surildi. Bu haqda "human.uz" xabar berdi.
— Mazkur Bolalar Ombudsmani Parlamentga hisobot berib, uning asosiy vazifasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratiladi. Shu bilan birga ular bolalalarning o‘zi va ularning nomidan taqdim etilayotgan shikoyatlar bilan ishlash mexanizmini yanada kuchaytiradi, — dedi Sasha Graumann.
Joriy yilda «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyaning qabul qilinganligiga 30 yil to‘ladi. 1989 yilda imzolangan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin ratifikasiya qilgan eng birinchi xalqaro-huquqiy hujjatlardan hisoblanadi. 1992 yilda mazkur Konvensiyaga qo‘shilib, O‘zbekiston bola huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha bir qancha xalqaro-huquqiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bundan tashqari, Konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar tashkilotining bola huquqlari bo‘yicha Qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib turadi. Bola huquqlari sohasida qonunchilikning asosini O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 65-moddasiga ko‘ra bolalar ota-onalarining kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qat’iy nazar qonun oldida tengdirlar. Konvensiya talablariga muvofiq bola huquqlarini mustahkamlagan va ularning himoya kilinish shakllarini takomillashtirgan Fuqarolik va Oila Kodekslarining qabul qilinishi bola huquqlari himoyasi bo‘yicha qonunchilik rivojiga jiddiy hissa qo‘shdi. Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya BMTning bolalikni muhofazalash bobidagi eng universal hujjati hisoblanadi. Unda mustahkamlab qo‘yilgan bola huquq va manfaatlarining barcha qirralarini “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qamrab olgan. Ammo shunga qaramay mamlakatda hanuz bola huquqlarini buzilishi kuzatilmoqda.
Bugungi kunda bolalar Ombudsmani Rossiya, Boliviya,Belgiya, Avstriya, Serbiya, Estoniya, Niderlandiya, Tojikiston va boshqa qator mamlakatlarda mavjud. Uning paydo bo‘lishi asosan dunyo mamlakatlari Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikasiya qilishgani bo‘lsa, yana bir sabablardan bir jahonda bolalarning ijtimoiy himoyalanmaganligi ortib borayotganligidir. Masalan, Buyuk Britaniyada Bolalar Ombudsmeni mustaqil institut bo‘lib, Buyuk Britaniyada hech bir davlat organ, hattoki Parlamentga ham bo‘ysinmaydi.
2019 yil 22 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoyev tomonidan «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4296-sonli qarori imzolanib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi Qonunga ushbu qarordan kelib chiqadigan hamda uning faoliyatini yanada takomillashtirishga va jamoatchilikning keng ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritish tavsiya etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimovning fikricha, tashkil etiladigan Bolalar Ombudsmani avvalo bolalar huquqlari himoyasining parlament nazoratini ta’minlaydi. Voyaga yetmaganlarning yashash sharoitlari o‘rganiladi, bolalarning individual shikoyatlari bo‘yicha surishtiruv olib boradi, hamda mamlakatdagi mavjud bola huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar faoliyatini to‘ldiradi. Bolalar Ombudsmani mamlakat parlamenti oldida doimo hisobot berib, O‘zbekitonda davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan bolalarning huquqlarini himoyasi qanday amalga oshirilayotganini nazorat qilib boradi.