Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbek kino sanoatida kutilmagan burilish — “Afsona” seriali 25-martdan "Mening yurtim" telekanalida (VIDEO)

O‘zbek kino sanoatida kutilmagan burilish — “Afsona” seriali 25-martdan "Mening yurtim" telekanalida (VIDEO)

Inson bu dunyoga bir xil — begunoh, aybsiz, farishtasifat go‘dak qiyofasida keladi. Taqdir, hayot uni yo yaxshi, yoki yomon, yo rahmdil, yoki beshafqat shaxsga aylantiradi. Ammo o‘zgarmas bir haqiqat bor — har bir yurak, har bir qalb o‘z haqiqatiga ega. “Afsona” ana shunday achchiq, alamli va o‘z navbatida baxtli haqiqatlar haqidagi serialligini ta’kidlayapti ijodkorlar.

Ijodiy guruh

“Afsona” seriali Shohruh Hojimurodov prodyuserligida suratga olinyapti. Operator va rejissyor esa Izzat Qalandarov hisoblanadi. Bunga qadar “Qora ilon” kabi bir nechta filmlari bilan tomoshabin qalbini zabt etgan Izzat Qalandarov “Oriyat”, “Ona zamin” kabi seriallarni ham suratga olishga ulgurdi. Ayni damda esa “Afsona” seriali bilan band.

Izzat Qalandarov serialni suratga olish ishlariga nafaqat rejissyor, balki operator sifatida ham yondashmoqda. Shuning uchun ham har bir kadr, har bir syujet, har bir dialog va hatto dialogdagi har bir so‘zga ham e’tibor qaratmoqda. Qaysidir bir kadrdan birozgina bo‘lsa ham ko‘ngli to‘lmasa, o‘sha kadr ustida qayta ishlashdan erinmaydi. Aktyorlarning holati, yuz mimikalari, xatti-harakatlariga sinchkovlik bilan e’tibor qaratyapti. Izzat Qalandarov suratga olish maydonida bir gapni qayta-qayta takrorlaydi: “Biz tomoshabinga sifatli asar yetkazib berishimiz kerak. Agar ular serialni shunchaki odatiy tarzda ko‘rib ketsa, bu bilan hech narsa yutmaymiz. Serialimiz boshqa seriallarga o‘xshab qolmasligi lozim. “Afsona” har birimizni o‘zbek kinosida chinakam afsonaga aylantirishi kerak”.

“Afsona” serialida har bir qahramon, har bir xarakterga alohida yondashilgan. Bunda bugunga qadar bir qator kino va seriallarda ishlagan operator Jasur Pirnazarovning ham mehnati alohida o‘rin tutmoqda. Operator har bir kadr ustida alohida ishlamoqda va bu o‘z samarasini beryapti. “Afsona” serialidagi kadrlarda o‘zgachalik, tomoshabinga yangilik beradigan jihatlarga e’tibor qaratilyapti, natijada boshqa seriallarni takrorlamaydigan va ulardan ajralib turadigan yangi bir asar yuzaga kelmoqda.

Bu hayotda mutlaq yaxshi yoki mutlaq yomon inson yo‘q. Har kimning o‘z haqiqati bor. “Afsona” seriali ssenariysini yozayotgan Nizomjon Islomov ana shu hayotiy haqiqatga tayanmoqda. U qahramonlar imkon qadar hayotiy bo‘lishi, tomoshabinda ishonchsizlik uyg‘otmasligi uchun har bir obrazni hayotdan olgan. Ya’ni serialdagi har bir obrazning hayotda o‘z prototipi bor. Shunchaki to‘qib chiqarilmagan.

Nizomjon Islomov “Oriyat”, “Ifora” kabi seriallar va bir nechta novellalar muallifi hisoblanadi. U “Afsona” seriali voqealari rivojiga o‘zgacha yondashmoqda. Tomoshabin uchun kutilmagan, esda qolarli va albatta ibratli voqealar topish ustida tinimsiz izlanmoqda.

Aktyorlar jamoasi

“Afsona” serialining asosiy yutuqlaridan biri — aktyorlar jamoasidir. Behzod Muhammadkarimov, Tohir Saidov, Zuhra Ashurova, Saida Rametova va boshqa bir qancha ustoz aktyor va aktrisalar serialga jalb qilingan. Eng muhimi, “Afsona”da bu aktyorlar umuman boshqacha qiyofada gavdalanadi. Masalan, Behzod Muhammadkarimov “Qodirxon” va boshqa seriallaridagi rollaridan mutlaqo farq qiladigan obrazni gavdalantirgan. Tohir Saidovning ijrosi ham boshqa obrazlariga umuman o‘xshamaydi. Bu ijodiy jamoa tomonidan atayin tanlangan usul. Negaki tomoshabinga umuman Behzod Muhammadkarimovning ham, Tohir Saidovning ham yangicha, o‘zgacha qiyofasini ko‘rsatish maqsad qilingan. Bu ham serial uchun, ham aktyorlar uchun ijobiy holatdir.

Shuningdek, “Afsona” serialida Husan Jo‘rayev, Shahnoza Hojimurodova, Kamol Bobonazarov, Sherzod Abduvaliyev, Mavluda Hikmatova, Sabina Muratova, Mirzohid Rahimov, O‘tkir Mengliyev kabi kino va teatr aktyorlari ham rol ijro etmoqda. Bunda ham aktyorlarga boshqa kartinalardagi xarakterlaridan farqli obrazlar yaratish imkoni berilmoqda. Xususan, ayni damda seriallarda va kinolarda rol ijro etayotgan Kamol Bobonazarov, Sabina Muratova, Mirzohid Rahimov, Mavluda Hikmatova kabi ijodkorlar mutlaqo yangi obrazda namoyon bo‘lishmoqda.

Serial haqida

“Afsona” serialida hech qachon eskirmaydigan tuyg‘ular, muammolar qamrab olingan. Insonning qalbini har ko‘yga soladigan sof tuyg‘ular tarannumi, oilaviy qadriyatlar, aka-uka munosabatlari, hasad, g‘arazgo‘ylik, xiyonat... Bular vaqt va zamon tanlamaydigan mavzulardir. Bu shuni anglatadiki, “Afsona” seriali nafaqat bugun, balki bundan o‘n yoki ellik yil keyingi tomoshabinni ham aslo befarq qoldirmaydi.
Bu dunyoda mol-dunyoga sotilmaydigan tuyg‘ular bor. Bular inson qadri, qarindoshlik, jon-jigarlik rishtalari, insoniylik. Bordiyu bu kabi tuyg‘ular narxlansa, oqibati yaxshilik bilan yakun topmaydi. Agar insonning qalbini, yuragini yovuz tuyg‘ular zabt etsa va vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qaytmasa, oqibati yomonlik bilan tugashi tayin.

“Afsona” serialidagi qahramonlar doim ikki o‘t orasida yonishga mahkum. Qahramonlar mol-dunyo va aka-ukalik, sevgi va oila, ishq va qarzdorlik burchi o‘rtasida, qay birini tanlashni bilolmay, doim kurashishga, jabr chekishga mahkum. Qarshisidagi olov kuydirishini biladi, ammo ortga ham qaytolmaydi. Oldinga borishdan boshqa chorasi yo‘q, xo‘sh, keyin-chi? O‘zini bila turib chohga otayotgan yoki dunyosidan voz kechib, sevgisini tanlashga qaror qilgan insonning qismati nima kechadi? Insonning qadrini poymol qilganlarni qanday qismat kutadi? Sevgisi yo‘lida har qanday qabih ishga tayyor turgan yigit muhabbatiga erishishga loyiqmi? U baxtga munosibmi? “Afsona” seriali yakunga qadar tomoshabinni shu va boshqa javobi mushkul savollarga mahkum qiladi. Yakun esa tomoshabin kutmagan, ammo adolatli.

“Afsona” seriali o‘zida bir qancha janrlarni qamrab olgan. Bugungi kun o‘zbek kinosiga o‘zgacha nafas, o‘zgacha yo‘nalish bilan kirib kelayotgan serial, deya bemalol ayta olamiz. “Afsona” siz kutmagan, ammo siz ko‘rishni istagan serial.

Kiritildi: 18:53 16.03.2023. O'qildi: 4659 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!