Yosh ulg‘aygani sari ko‘pchilik insonlar uyqusizlik va uyqu maromining buzilishidan aziyat chekadi. Biroq hamma ham bunga yetarlicha e’tibor beravermaydi. Aksincha bu holatni o‘tkinchi deb o‘ylab, shifokorga borishni paysalga soladi. Natijada davolash murakkab bo‘lgan va salomatlik uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaruvchi surunkali uyqusizlikka yo‘liqadi.
Xo‘sh, ushbu holatga qanday omillar sabab bo‘ladi? Uyquning inson hayotidagi o‘rni, uyqusizlikning asosiy belgilari nimalardan iborat?
SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan tibbiyot fanlari doktori Doniyor ALIMOVga murojaat qildi.
— Dastlab uyquning inson salomatligidagi o‘rni haqida aytib o‘tsangiz.
— Uyqu oziq-ovqat, suv va havo kabi yashash uchun muhim omil sanaladi. Uxlaganda inson tana mushaklari tonusi pasayib, eshitish, ko‘rish, hid va ta’m bilish xususiyati susayadi. Arterial qon bosimi pasayib, yurak urishi, to‘qimalarga qon kelishi va tanadagi moddalar almashinuvi sekinlashadi. Natijada nafaqat miya, balki barcha ichki tana a’zolari “dam” oladi. Qolaversa, tiniqib uxlaganida inson organizmida moddalar almashinuvi yaxshilanadi.
Agar inson uyqudan butunlay voz kechsa yoki bir necha soatga qisqartirsa, 4-5 kundan so‘ng uning salomatligida jiddiy muammolar boshlanadi. Hatto tungi uyquni kunduzgisi bilan almashtirish ham sog‘lik uchun zararlidir.
Miriqib uxlamaslik esa organizmda turli endokrin, yurak-qon tomir va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari hamda asab va ruhiy xastaliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
— Uyqusizlikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?
— Ba’zi insonlar bilan suhbatlashsangiz, tunda yaxshi uxlay olmayotganidan shikoyat qiladi. Ayrimlar esa kechasi kam yoki yuzaki uxlash, bevaqt uyg‘onaverish, uyqu kelmasligi kabi holatlardan bezovta bo‘ladi. Bu kasallik tibbiyotda “insomniya” deb ataladi.
Bunga asosan shovqin, yorug‘lik, noqulay o‘rin va yostiqlar, og‘ir travmatik vaziyatlar, asablarning zo‘riqishi, tunda ishlash, spirtli va ko‘p miqdorda kofeinli ichimliklar ichish, tamaki chekish, xurrak otish, stimullovchi dori preparatlarini qabul qilish kabi omillar sabab bo‘ladi.
Qolaversa, bu holat kuchli ruhiy, emosional shikastlar, nevroz, xavotirlanish, bosh miya kasalliklari (ayniqsa, miya qon tomirlari aterosklerozi), ichki a’zolar va endokrin bezlar (buyrak, jigar, qalqonsimon bez) xastaliklari bilan bog‘liq nerv tizimining funksional buzilishlarida ham uchraydi.
Shuningdek, kuchli hayajonlanish, biror kasallikning boshlanish belgisi, xususan, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar, yurak-qon tomir xastaliklari va qalqonsimon bezning faolligi oshishi oqibatida ham inson yaxshi uxlay olmasligi mumkin. Shu sababli uyqusizlikka e’tiborsiz bo‘lish yaramaydi.