Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘ylab qarasam, bugun kofirlardan ko‘ra ko‘proq musulmonlardan hayiqar ekanman!

O‘ylab qarasam, bugun kofirlardan ko‘ra ko‘proq musulmonlardan hayiqar ekanman!

Kofir yuziga haqni aytish qo‘rqitmaydi. Musulmonlar jamiyatida haqni aytish cho‘chitadi biroz. Dinimga xizmat qilay, oz bo‘lsa ham bilganimni yetkazib qolay, bilmaganlarga eslatay - deb qadam tashlasam, ertaga Youtube kanallarida suratim ustiga katta qizil rangda (×) belgisini qo‘yib, «Bu dajjoldan ehtiyot bo‘ling» yoki «Bu din buzarni tanib qo‘ying» unvoni ostida beriladigan raddiyalardan qo‘rqaman - qo‘rqitadigan narsa obro‘yim to‘kilishi emas, nomim bulg‘anishi ham emas, balki tarafkashlik paydo bo‘lishi, dindosh birodarim bilan raddiyalashishga borish, din nomidan gapiradiganlar obro‘siga putur yetkazishdir. Payg‘ambarimiz alayhis salom "Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar", deb buyurganiga binoan, kimdir da’vat boshlasa, darhol qarshiliklar paydo bo‘ladi. Yuzma-yuz yoki shaxsiy muloqotda isloh etish yo‘q, aksincha, ommaga dajjol qilib ko‘rsatadiganlar paydo bo‘ladi.

Kunlarning birida Youtube tarmog‘ida shunday bir lavhani uchratib qoldim. Qaysidir domlaning surati ustiga xato belgisini qo‘ygan va «Bunday dajjol, kofirlardan extiyot bo‘ling!» , deb yozilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan «Kim bir birodariga kofirsan, desa, ikkisining biridan iymon ketadi» mazmunida hadis vorid bo‘lgan. Hayron qolasiz, insonlarga dinidan ma’lumot berayotgan shaxs dajjolmi, yo kimligi ham ma’lum bo‘lmagan blogermi? Har ikkisi ham din nomidan gapirmoqda.

«...Sizni ko‘rganida musulmon deb o‘ylamasdi…»

Musulmon jamiyatni yo‘qotish yo‘llari

Bundan 100 yillar avval bo‘lgan voqealar hozir ham takrorlanayotgandek...

Kofir da’vat yo‘liga to‘sqinlik qilib, yomon ko‘rsatishga harakat qilsa, javob qila olasiz ekan. Ammo musulmon boshqa musulmonning din yo‘lidagi xizmatini to‘sayotganiga qanday baho berish mumkin? Asrlardan buyon ixtilofli bo‘lgan masalalar bor. Bunda ko‘plagan ulamolarimiz turli qavllar aytishgan. Biroq, bir-birini asos bo‘lmagan fari’y masalalarda kofir qilishgan emas. Arab o‘lkalarida ham ilm ahli deya tanilgan ko‘plab ustozlarni bilaman. Ularning hammasi aytayotgan gaplarini bilittifoq aytmaydilar. Ixtilofliy masalalar ham bo‘lib turadi. Lekin bir-birini kofir deyishgacha bormaydi. Qilayotgan ixtiloflari o‘z havoi nafslaridan emas, tutgan ijtihodining mahsulidir. Ular ijtihodga ahl kishilar bo‘lgani bois ham boshqalar ijtihodiga hurmat bilan munosabatda bo‘ladilar.

Nega so‘ngi paytlarda tarafgashlik ko‘payib, bir-biriga tosh otishlar ko‘paymoqda kabi savollar ko‘p o‘ylantirdi. Biroz sababini ham anglagandekman. Ayrim sabablar mana shunday ayanchli holga olib kelmoqda ekan:

- ilmsiz va axloqdan yiroq blogerlar;

- o‘sha ilmsiz va beaxloq blorgerlarning gapiga ishonib qolayotganlik;

- blogerlarning yoshi yosh va diniy tajribasi yo‘qligi;

- ko‘proq odamni ergashtirish maqsadida murid talashish.

Asosiy fitnalarni chiqarayotganlar ham o‘sha blogerlar ekan. Qiziqib tekshirib ko‘rsam, asosan yosh yigitlar ekan. Kimnidir darsligini yozib olib, boshqa bir domlani ziddiga ishlatish maqsadida joylar ekan. Ko‘plab domlalar bilmaydi ham o‘sha darsliklari qay tarzda kanallarga qo‘yilayotganini. Ikki ahli ilmni bir-biriga yomon ko‘rsatib, o‘rtalarida fitna paydo qilib qo‘yayotganlar ham afsuski, o‘sha blogerlar bo‘lmoqda ekan. Chunki, birgina noto‘g‘ri unvon bilan joylagan darsligi boshqa bir insonga otilgan o‘qdek bo‘lmoqda. Bir indamay qo‘yaveradi, ikki indamaydi, oxiri hamma sizni shunday demoqda - kabi savollardan xinob bo‘lganidan raddiya bildirishga o‘tmoqda. Ko‘ripsizki, bir axloqsizni deb ikki ilm ahli bir-birini yomon ko‘rishga kelib qolmoqda. Vaholangki, u ikkisi garchi ayrim masalalarda ixtilof qilsada, aslida bir-biriga ko‘makdosh edilar - bo‘ynidagi omonatini yetkazish yo‘lidagi hamroh edi.

Ma’mur Muxtor

Manba: azon.uz

Kiritildi: 07:45 08.11.2019. O'qildi: 4091 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!