Eron AQShga urushni tugatish bo‘yicha 10 banddan iborat rejani taqdim etdi — NYT.
The New York Times nashrining xabar berishicha, Tehron Pokiston vositachilari orqali Vashingtonga kelishuv shartlarini yuborgan. Eron tomoni hujum qilmaslik kafolati, sanksiyalarni to‘liq bekor qilish va mintaqadagi ittifoqchi guruhlarga zarba berishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Shartlar orasida vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun AQSh yoki uning ittifoqchilari tomonidan tovon puli to‘lanishi ham bor. Buning evaziga Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga tayyor, biroq har bir kema o‘tishi uchun taxminan 2 million dollar miqdorida to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda. Ushbu mablag‘larning bir qismi infratuzilmani qayta tiklashga yo‘naltirilishi aytildi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp ushbu rejaga munosabat bildirdi: "Bu salmoqli taklif va muhim qadam. Ammo u yetarli darajada yaxshi emas", — dedi u.
Avvalroq Qo‘shma Shtatlar Eronga 15 banddan iborat rejani taqdim etgan edi, biroq Tehron uni "haddan tashqari g‘ayritabiiy va mantiqsiz" deb atagan, deyiladi nashr xabarida.