Bugun 20 sentyabr, 2024 yil, juma

КИР

Uy-joy uchun subsidiya olish tartibi: muhim 7 savolga javob

Uy-joy uchun subsidiya olish tartibi: muhim 7 savolga javob

23 sentyabrdan subsidiya uchun arizalar qabul qilish boshlanadi. Ariza beruvchi o‘zining daromadi yetmasa, uning xohishiga ko‘ra, daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.

1. Subsidiya uchun kimga murojaat qilinadi?

Subsidiya olish uchun davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali ariza beriladi.

Bunda anketa-ariza elektron tarzda to‘ldiriladi va mazkur xizmat mutlaqo bepul.

23 sentyabrdan yana arizalar qabul qilish boshlanadi.

2. Subsidiya olish uchun daromad qancha bo‘lishi lozim?

Subsidiya daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolar yoki oilalarga beriladi.

Ariza beruvchi va/yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromad miqdori:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan (2 mln 835 ming so‘m) 8 baravarigacha (8 mln 400 ming so‘m);

Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan (2 mln 835 ming so‘m) 9,2 baravarigacha (9 mln 660 ming so‘mgacha) bo‘lishi zarur.

3. Daromadi yetmasa qanday yo‘l tutish mumkin?

Ariza beruvchi o‘zining daromadi yetmasa, uning xohishiga ko‘ra, daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlarini kiritishi mumkin.

4. Cubsidiya ajratishda nimalarga e’tibor qaratiladi?

Subsidiya ajratishning mezonlari bor, ularning birinchisi yuqorida keltirilgan oylik daromad miqdori.

Ikkinchisi, arizachining amaldagi turar joyining maqomi:

ijara (er-xotinning o‘z mulkida uy-joyi mavjud emas)

egasining ruxsati bilan tekin turar joy (er-xotinning o‘z mulkida uy-joyi mavjud emas)

ariza beruvchining o‘z mulkida yakka tartibdagi uy-joyi mavjudligi (yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish uchun).

Uchinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim shaxslar:

“labor-migration” dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti;

olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi;

yosh oilalar, shu jumladan, 30 yoshdan oshmagan fuqarolar

og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar.

To‘rtinchidan, ariza beruvchi va uning oilasidagi shaxslarning quyidagi toifaga mansubligi:

birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs;

surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi;

og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan.

Ijtimoiy mezonlar asosida 30 (jami 50 baldan) va undan yuqori ball to‘plaganlarga subsidiya beriladi.

5. Qaysi holatlarda subsidiya berilmaydi?

Quyidagi hollarda subsidiya ajratish rad etiladi:

arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;

ilgari imtiyozli ipoteka kreditlari asosida kvartira yoki uy-joy hamda subsidiya olganlar ariza berganida;

joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda;

ariza beruvchi va/yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi yuqorida ko‘rsatilgan daromaddan ko‘p yoki kam bo‘lganida.

Boshqa asoslar bilan rad etish mumkin emas, ariza rad etilganidan so‘ng yana qayta murojaat qilish mumkin.

Subsidiya oluvchilar ko‘p bo‘lganda, dastlab birinchi ariza berganlarga subsidiya ajratiladi.

6. Boshlang‘ich to‘lov va kredit foizi qancha?

Dastlabki to‘lov uchun 30 mln so‘m subsidiya beriladi.

Shuningdek, subsidiya asosida olingan kredit foizining 12 foizidan oshgan qismi qoplab beriladi, ilgari 10 foizidan oshgan qismiga berilgan. 2025 yildan boshlab esa faqat Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan miqdor qoplab beriladi.

7. Kredit miqdori qancha?

Subsidiya asosida ajratiladigan kredit miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 330 mln, Toshkent shahrida esa 420 millionni tashkil qiladi.

Subsidiya asosida ajratilgan kredit sotib olinayotgan uy narxiga yetmasa, banklar o‘z mablag‘idan kredit ajratishi mumkin.

Masalan, uy narxi 600 mln, subsidiya esa 420 mln, 180 mln yetmaganini bank o‘zi kredit sifatida beradi va foizini ham mustaqil belgilaydi.

Ipoteka asosida yangi uy olayotganda kreditni sug‘urta qilish bekor qilingan.

Kiritildi: Bugun 02:20. O'qildi: 451 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!