2024 yil davomida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahri hududiy boshqarmasiga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish yo‘nalishida 9 071 ta murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatlarni o‘rganish natijasida iste’molchilar foydasiga 13 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2024 yilda Toshkent shahrida iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar va ularning natijalari bo‘yicha ma’lumotida keltirilgan.
Kelib tushgan murojaatlarning soha bo‘yicha taqsimoti quyidagicha: uy-joy, kommunal, qurilish va transport sohasida 2 ming 668 ta murojaat; savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 3 218 ta murojaat; aloqa va ijtimoiy xizmatlar sohasida 2 ming 912 ta murojaat va reklama hamda boshqa sohalar bo‘yicha 273 ta murojaat qayd etilgan. Umumiy murojaatlarning 8 ming 646 tasi jismoniy shaxslarga, 425 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan.
Murojaatlarning har biri batafsil o‘rganilib, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish uchun zarur choralar ko‘rilgan, — deyiladi xabarda.