AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanterning 4 million dollarlik uyi Kaliforniyadagi yirik yong‘inlar natijasida butunlay yonib ketdi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.
Nashrning eksklyuziv ma’lumotlariga ko‘ra, "uch yotoqxona va uchta hammomdan iborat, Tinch okeaniga manzarali ko‘rinishga ega 1950-yillardagi hashamatli hovlidan" faqat ikkita mo‘ri qolgan.
Ta’kidlanishicha, Xanter Bayden rafiqasi bilan birga ushbu uyni oyiga 15,8 ming dollarga ijaraga olgan ekan. Bundan tashqari, yong‘in natijasida AQSh Maxfiy xizmati tomonidan mamlakat prezidentining o‘g‘lini qo‘riqlash uchun ijaraga olingan qo‘shni uy ham batamom vayron bo‘lgan.
Bundan oldin, AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp kuchli yong‘inlar sababli Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomni iste’foga chiqishga chaqirgan edi. Respublikachi shtat rahbarini AQShning eng go‘zal hududlari kuyib kul bo‘layotganligida aybladi.