Vladimir Zelenskiy AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi mojaroga barham berishni tezlashtirishi mumkinligini aytdi.
“Urush tugaydi, ammo sanasi hozircha noma’lum. Endilikda Oq uyni boshqaradigan yangi jamoaning siyosati bilan urush tezroq tugaydi, bu ularning Amerika jamiyatiga bergan va’dasi. Ular uchun va’dani bajarish juda muhim”, dedi Zelenskiy Public nashriga bergan intervyusida.
Avvalroq The New York Times jurnalisti ko‘plab ukrainaliklar Trampning AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi bilan Ukraina uchun urush mohiyatan tugadi, deb hisoblashini yozgandi. Shu bilan birga, ukrainaliklarning fikricha, ular hududlarning ma’lum qismidan voz kechishga majbur bo‘ladi.
Tramp Ukrainadagi mojaroni imkon qadar tezroq to‘xtatish niyatida ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Oq uyning bo‘lajak rahbari o‘zining rejasi tafsilotlarini oshkor qilmadi, ammo G‘arb ommaviy axborot vositalarida u Kiyevni hududlarni yo‘qotganini tan olishga majburlashi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.