O‘zbekistonda o‘tkir respirator infeksiyalar bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichi 0-1 yoshdagi bolalar o‘rtasida uchramoqda, deb xabar berdi Sanepidqo‘mita matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Rossiya Federasiyasi va qo‘shni mamlakatlarda o‘tkir respirator infeksiyalarning (O‘RI) sezilarli mavsumiy ko‘tarilishi fonida aviaqatnovlar, mehnat migrasiyasi, xizmat safarlari orqali kasallikning chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi mavjud.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha epidemik vaziyat muntazam nazorat qilib borilmoqda. Gripp va O‘RI viruslarining aylanishini aniqlash maqsadida virusologik tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Sanepidqo‘mita tasarrufidagi 15 ta virusologiya laboratoriyalarida gripp va grippga o‘xshash kasalliklarni tashxislash amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, O‘RI kasallanish ko‘rsatkichlari epidemik bo‘sag‘adan (ko‘p yillik kasallanish ko‘rsatkichidan) 36,5 foizga pastligi kuzatilmoqda.
«Hozirgi vaqtda respublikada gripp va O‘RI bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror va Sanepidqo‘mita tomonidan nazoratga olingan», deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, O‘zbekistonda kasallanish yoshma-yosh tahlil qilinganda eng yuqori ko‘rsatkich 0-1 yoshdagi bolalar o‘rtasida uchraydi.