Urganchdagi Ashxobod ko‘chasiga ko‘chirilgan aholiga berilgan kompensasiya puli Respublika byudjetidan ssudaga olingan bo‘lib, ushbu mablag‘lar qaytariladi. Bu haqda Urganch shahar moliya bo‘limi boshlig‘i Jamshid Sapayev «Daryo» muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Urganchdagi Ashxobod ko‘chasidan Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan va dalada palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan, ammo 1—2 oydan beri kompensasiya pulini ololmayotgan aholi va hokimlik o‘rtasida mojaro yuzaga kelgani, norozi aholi 26 iyul kuni «Urganch—Xonqa» yo‘lini yopib qo‘ygan.
Shundan so‘ng vaziyatga Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov aralashib, 10 avgustgacha kompensasiya bo‘yicha to‘liq hisob-kitob qilinishini bildirgan edi. Keyinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish uchun bosh vazir Abdulla Aripovni hududga yuborgan. O‘sha kuni Milliy bankning Urganch bo‘limi xodimlari tomonidan kompensasiya pullari tarqatila boshlagan. Rejaga ko‘ra, 27 iyulning o‘zida 207 ta xonadon egasiga kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan kompensasiya pulining 50 foizi miqdorida — jami 21 milliard so‘m taqsimlab berilib, 10 avgustgacha esa, barcha xonadon egalari bilan 100 foiz hisob-kitob qilinishi rejalashtirilgan. Jami 394 ta xonadon egasi 70 milliard so‘mdan ortiq kompensasiya pulini olishi ko‘zda tutilgan.
«Daryo» muxbirining «qanday moliyaviy rejaga asoslanib xonadonlar boshqa joyga ko‘chirilgandi», degan savolga Urganch shahar moliya bo‘limi boshlig‘i Jamshid Sapayev «snos»larga «E-IJRO AUKSION»dan tushgan mablag‘lar evaziga qoplanishi ko‘zda tutilganini aytib o‘tdi.
«Viloyat bo‘yicha mablag‘lar kam tushdi. Iyul oyi oxirlarida 1 milliard 400 million so‘m tushgan bo‘lsa, uning hammasi Ashxobod mahallasidan ko‘chirib kelinganlarga ajratib berildi. Umumiy tushumni ikkinchi chorakda rejadan orttirib bajarish kam bo‘lganligi sababli uy egalarini mablag‘ bilan ta’minlashda uzilish bo‘ldi», — dedi Sapayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, byudjetdan «snos»ga mablag‘ rejalashtirilmagani sababli respublika byudjetidan qo‘shimcha yordam so‘ralgan.
«Respublika byudjetidan 51 milliard so‘m ssuda ajratishni so‘rab murojaat qilgan edik. Lekin Respublikada byudjetidan avval birinchi darajali, ya’ni ish haqi va boshqa to‘lovlarni yopib bo‘linganidan so‘ng 40 milliard so‘m ajratildi. Albatta, ssuda — qarz, uni viloyatga tushgan mablag‘lardan qaytaramiz», — dedi u.