Urganch shahrida Binary xalqaro universitetini tashkil etish bo‘yicha videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi deb xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.
Muzokaralarda O‘zbekiston tomondan O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov hamda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Shavkat To‘laganov; Malayziya tomonidan esa Binary menejment va tadbirkorlik universiteti - asoschisi va rektori Jozef Adaykalam ishtirok etdi.
«Kelasi o‘quv yilida yuqorida aytib o‘tilgan ta’lim loyihasini Xorazm viloyatida ishga tushirish uchun diplomatik kanallar orqali hujjatni tezroq imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi», - deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida! 1984 yilda tashkil etilgan Binary xususiy universiteti biznes boshqaruvi, axborot texnologiyalari hamda menejment sohalari bo‘yicha yetakchi universitetlardan biri. Hozirda universitetda 60 ortiq mamlakat fuqarolari, jumladan o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olishmoqda.