Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi o‘z o‘quvchilarga nisbatan qo‘pol jismoniy harakatlar sodir etgani uchun ishdan haydaldi.
Mazkur noxush holat joriy yil may oyida ushbu maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchi A.L. tomonidan sodir etilgan.
Viloyat ta’lim boshqarmasining ma’lum qilishicha, o‘qituvchi o‘zi rahbarlik qilayotgan 9-sinf o‘quvchilarini o‘zlashtirishi va darslardagi ishtiroki past ekani ro‘kach qilib, «odob-axloq qoidalariga zid ravishda» ularni haqoratlab kaltaklagan.
Holatni o‘rganish maqsadida tuzilgan mas’ullardan iborat ishchi guruh o‘qituvchining xatti-harakatlari noqonuniy va pedagogik tarbiya me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligini aniqlagan.
Undan tashqari holat shu kunga qadar maktabning ma’naviy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan o‘rganilmagani, o‘qituvchini tartibga chaqirmagani ham ma’lum bo‘lgan.
Ayni paytda maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Maktab direktori o‘rinbosariga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.