Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘qituvchisiga saboq bergan o‘quvchi

O‘qituvchisiga saboq bergan o‘quvchi

Xususiy maktablardan birida o‘qiydigan o‘smir qiz o‘qishdan uyga g‘amgin qaytdi. Onasi qizining holatini payqab, undan nega xomushligini so‘radi.

— Onajon, har doim o‘qituvchimizning boshi og‘riydi. O‘rni bo‘lsa, bo‘lmasa ham bizga baqiradi. Uzun kiyimim va ro‘molimni sabab qilib meni maktabdan haydash bilan tahdid etdi. Meni bu kiyimlar bilan maktabda boshqa ko‘rishni xohlamasligini aytdi,- deya yig‘lamsirab onasiga bo‘lgan gapni aytib berdi qizaloq. Onasi qizning boshini silar ekan:

— Qizim, sen Alloh buyurgan tarzda kiyinasan. O‘qituvching aytganidek emas. Alloh shunday kiyinishingni istaydi, o‘qituvching bunday kiyinishingni istamaydi. Xo‘sh, sen kimga itoat qilasan? Seni go‘zal suratda yaratib, cheksiz-adoqsiz ne’matlarga g‘arq qilgan Robbinggami, yoki menga yo o‘qituvchingga o‘xshagan o‘ziga ham foydasi tegmaydigan bir bandagami?

— Albatta, Allohga itoat qilaman, onajon,- dedi qiz.

Ertasi kuni qiz maktabga borgan edi, o‘qituvchi uning uzun libosi va keng ro‘molini maksxaralab koyiy boshladi. Sinfdosh o‘rtoqlarining oldida o‘qituvchisidan tanbeh eshitish qizning qalbini og‘ritdi va  munchoq ko‘zlaridan duv-duv ko‘z yoshi oqa boshladi. Ko‘z yoshlar ichida o‘qituvchisiga shunday dedi:

— To‘g‘risi, kimga itoat qilishni bilmayman. Sizgami yoki Allohga bo‘ysunaymi? Sizning aytganingiz qilsam Allohga gunohkor bo‘laman. Allohning amrini ado etsam, sizning jahlingiz chiqadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: "Ey iymon keltirganlar! Sizga hayot beradigan narsaga chaqirganlarida Alloh va Rasuliga javob bering va bilingki, albatta, Alloh kishi bilan uning qalbini ajratib qo‘yadi va, albatta, Uning huzurida to‘planursiz." (Anfol surasi, 24-oyat) Mayli, siz  g‘azablansangiz ham men Alloh taolo va Uning Rasuliga itoat qilaman. Siz ham Allohning roziligiga muvaffaq bo‘lish va Rasululloh solallohu alayhi vasallamning aytganlarini bajarish uchun boshingizga ro‘mol o‘rang va uzun, yopiq kiyimlar kiying, ustoz.  Chunki Payg‘ambarimiz solallohu alayhi vasallam "Sizlardan biringiz biror yomonlik va yoqimsiz ishni ko‘rsa imkoni bo‘lsa qo‘li bilan o‘zgartirsin. Shoyad, qo‘li bilan tuzatishga kuchi yetmasa  tili bilan o‘zgartirsin. Bunga ham kuchi yetmasa  qalbi bilan u ishni yoqtirmay, noroziligini ifoda etsinki, bu ham  iymonning bir darajasidir" deya marhamat qilganlar.

Qiz Vohidul Qahhor sifatli Allohning buyurganlarini aytib  javob bergani uchun,  o‘qituvchi bir muddat so‘zsiz qoldi. Birozdan keyin qizga onasini maktabga kelishini uqtirdi. Ertasi kuni ona o‘qituvchiga yaxshigina saboq berib qo‘yishni mulohaza qilib maktabga keldi.

O‘qituvchi onani qarshi olar ekan:

— Qizingiz menga hayotimda hech qachon eshitmagan chuqur ma’noli gaplarni aytib saboq berdi. Uning qalbini Alloh va Rasulullloh solalllohu alayhi vasallamning muhabbatiga to‘ldirib, juda go‘zal tarbiyalagan ekansiz. Qizingiz meni nihoyatda ta’sirlantirdi. Kecha maktabdan uyga borib, namoz o‘qidim. Ko‘z yoshlarga g‘arq bo‘lib tavba qildim. Allohga yolvorib gunohlarimni kechirishini, bundan keyingi  hayotimda har doim Uning buyruq va qaytariqlariga amal qilib yashashga ahd qildim. Alloh taolo meni ham dinida sobitlardan qilishini istab,  Unga nola qildim,- dedi. O‘qituvchi boshiga ro‘mol o‘rab, yopiq kiyimlar kiyib, ibodatlarini benuqson ado eta boshlaganidan keyin bosh og‘riqlari o‘tib ketdi, darddan butkul forig‘ bo‘ldi.  Yoshi o‘ttizlardan oshgan bo‘lsa-da, turmush qurmagandi. Dinini mahkam tutib, Allohga itoat qilishni boshlagandi, uni so‘rab keladigan sovchilar ko‘paydi. O‘qituvchi o‘ziga munosib, iymon-e’tiqodli, yaxshi bir inson bilan nikohlanib, turmush qurdi. O‘quvchisiga minnatdorchilik bildirib:

— Mening jahlim va g‘azabimga qaramasdan, Alloh va Rasululloh solallohu alayhi vassallamni menga tanitib hayotimni o‘zgartirib yubording. Seni Alloh uchun yaxshi ko‘raman, soliham, -deya qizni bag‘riga bosdi.

... Ular o‘zlariga va’z qilingan narsalarni qilganlarida edi, o‘zlariga yaxshi va sabotlari mustahkam bo‘lar edi. U holda, Biz ham ularga O‘z huzurimizdan ulug‘ ajr bergan bo‘lur edik.Va ularni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur edik .Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi! Bu–Allohdan bo‘lgan fazldir va bilguvchilikda Allohning O‘zi kifoya qilur. ("Niso" surasi, 66-70 oyatlar)

Manba: azon. uz

Kiritildi: 06:15 14.02.2020. O'qildi: 4265 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!