Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibi soddalashtiriladi

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibi soddalashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda maktablarni ta’mirlash, obodonlashtirish, isitish kabi xo‘jalik masalalariga hokimlar shaxsan mas’ul ekani eslatib o‘tilgan. Shuningdek, oliy o‘quv yurtiga kira olmagan bitiruvchilarni muayyan kasb-hunar yoki tadbirkorlikka jalb etish muhimligi ta’kidlangan.

Shu bois kelgusi yildan boshlab 7-sinfdan o‘g‘il-qizlarning kasbga qiziqishlarini aniqlash va bosqichma-bosqich kasbga yo‘naltirish amaliyoti joriy qilinishi belgilandi. Hududdagi sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish korxonalari maktablarga biriktiriladi.

Har bir maktab reytingini hamda shu asosda ta’lim sifati bo‘yicha tuman, shahar va viloyatlar reytingini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Reyting natijalariga qarab, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi.

Reytingda birinchi beshlikka kirgan maktab direktorlariga mahalliy byudjetdan ustama to‘lanadi. Xususan, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravaridan 12 baravarigacha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar beriladi. Shu bilan birga, xalq ta’limi bo‘limi rahbari va metodisti, maktab direktorlari, tuman reytingida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan maktablarning 2 nafar ilg‘or o‘qituvchisiga kasaba uyushmalari hisobidan har yili sihatgohlarga ikki haftalik bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, fidoyi pedagoglar boshqa yo‘llar bilan ham rag‘batlantiriladi.

Yig‘ilishda pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda pedagoglar har 5 yilda, rahbar kadrlar esa har 3 yilda malaka oshirmoqda. Lekin bu to‘la qamrov uchun yetarli emas. Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 11 ming nafar maktab o‘qituvchilarining barchasi sinov tariqasida masofaviy malaka oshirish kurslari bilan qamrab olinmoqda.

Kelgusi yili Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida malaka oshirish bo‘yicha masofadan o‘qitish tashkil etiladi. Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagog kadrlar malakasini oshirishda respublikada yetakchi oliygoh etib belgilanadi. Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti esa ta’lim muammolarini chuqur o‘rganadigan ilmiy-tadqiqot dargohi bo‘ladi.

O‘qituvchilar toifasini belgilash tartibini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida mehnat qilayotgan 490 mingdan ziyod pedagoglarning 4 foizi oliy, 15 foizi birinchi toifaga ega. 4 bosqichdan iborat amaldagi attestasiya tizimida qog‘ozbozlik hanuzgacha saqlanib qolgan.

Shu bois mutasaddilarga toifa berish tartibini soddalashtirish, pedagoglar bilimini yil davomida baholash imkonini beruvchi 2 bosqichli tizimga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Kiritildi: 19:05 30.10.2020. O'qildi: 2183 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!