Bugun 6 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘QISHNI TOSHKENT SHAHRIGA KO‘CHIRISh NARXI QANCHA?

A A A
O‘QISHNI TOSHKENT SHAHRIGA KO‘CHIRISh NARXI QANCHA?

Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar jumlasiga kiruvchi va bugungi kunda juda ham avj olgan firibgarlik, aldash va ishonchni suiiste’mol qilish jinoyatlari ko‘paygan. Odamlar firibgarlarning yolg‘onlariga darrov chuv tushib, aldanib qolishyapti. Afsuski, firibgarlik jinoyati yosharib – talabalar orasiga ham kirib borishga ulgurgan. O‘z sherigiga chuv tushgan sudlanuvchi talabaning o‘zi ham undan “rang oldi”. Natijada pora evaziga Qozog‘iston Respublikasidagi o‘qishni Toshkentga ko‘chirish har ikkalasiga ham “qimmat”ga tushdi...

1999 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi xavfli residivist bo‘la turib, o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. Tanishi – 2000 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi bilan jinoiy til biriktiradi. Qozog‘iston Respublikasida joylashgan oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan 2000 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi va uning 3 nafar tanishlarining o‘qishini O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chirib o‘tkazishda mansabdor lavozimlarda ishlovchi tanishi orqali har bir talabaga 200 AQSh dollari evaziga hal qilib berishga va’da qiladi.
— Sherigim bilan yoshlikdan tanishmiz. 2019 yil Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrida joylashgan universitetga o‘qishga kirganman. 2020 yilda karantin e’lon qilinganligi sababli, o‘qishni onlayn tarzda davom ettirdim. O‘tgan yili Toshkent shahriga sherigim bilan bitta avtomashinada kelganmiz. Suhbat jarayonida o‘qishimni Toshkent shahriga ko‘chirish niyatida ekanimni aytdim. Toshkentga yetib kelganimizdan so‘ng sherigim “agar o‘qishni ko‘chirishga yordam kerak bo‘lsa, tanishim bor, yordam berishi mumkin”, dedi. Sherigimga boshqa tanishlarim ham borligi, ularning ham o‘qishini ko‘chirib berishini so‘radim, rozi bo‘ldi. Kechki payt sherigim qo‘ng‘iroq qilib, “o‘qishni ko‘chirish masalasini tanishim bilan gaplashib ko‘rdim. Har bir kishi uchun 200 AQSh dollariga o‘qishni ko‘chirib bera olishi mumkin”, dedi. So‘ng Sherigimning uyiga borgandim. Agarda belgilangan pullarni beradigan bo‘lsam, universtitetda ishlovchi va otasining sinfdoshi orqali bir oy ichida o‘qishni Toshkentdagi universitetga ko‘chirib berishni va’da qildi. Otasining sinfdoshini taniganim sababli unga ishondim. Shu vaqtda yonimda bo‘lgan 100 AQSh dollarini sherigimga berdim. So‘ng birga o‘qiydigan 3 nafar tanishlarimga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aytdim, rozi bo‘lishdi, - dedi ayblovga to‘liq iqror bo‘lgan 2000 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi.
Shu tariqa Biridan 400 AQSh dollari, ikkinchisidan 900 AQSh dollari, uchinchisidan 700 AQSh dollari, jami 2 000 AQSh dollarini oladi. Shundan 1999 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi 1 200 AQSh dollari qismini o‘zi hamda 2000 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi 800 AQSh dollari qismini qo‘lga kiritadi. Bergan va’dasini bajarmasdan pullarni o‘z manfaatlariga ishlatib yuborishgan.
— Sherigim menga o‘qish joyimdan reyting baholarim ko‘rsatgichi va pasport nusxasini berishimni aytdi. Shunda institutga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatim va pasport nusxamni oldim va ularni sherigimga berdim. Qolgan pullarni o‘z ehtiyojlarimga ishlatib yubordim. Shergim “yana 200 AQSh dollari kerak bo‘layapti” dedi. Shunda onamning taqinchog‘ini sotib, plastik kartochkasiga 2 000 000 so‘m tashlab berdim. Oradan taxminan bir oy vaqt o‘tib sherigimdan o‘qishni ko‘chirish masalasida so‘raganimda, har xil bahonalar qilib, “tez orada hal bo‘ladi”, deb yurdi. Uch oyga yaqin vaqt o‘tib ketdi. Sherigim o‘qishni ko‘chirganligini, lekin universitet xodimlari barchaning fuqarolik pasportining asl nusxasini so‘rayotganligini, ya’ni Qozog‘iston chegarasidan kirdi-chiqdi muhrlarni tekshirib ko‘rishi lozimligini aytdi. Unga ishonib, 3 nafar tanishim hamda o‘zimning pasportimni berdim. Lekin u yana alday boshladi. Universitetga borib, o‘zim va tanishlarimning familiyasini tekshirtirdim, lekin o‘qishni ko‘chirganlar orasida ularni familiyasi yo‘q edi. Sherigimga qo‘ng‘iroq qilganimda, “tanishimdan so‘radim, yana 2-3 kun sabr qilib turinglar”, dedi. Shu kunlarda otasining sinfdoshini raqamini topib, undan sherigim o‘qishga ko‘chirish masalasida gaplashgan yoki gaplashmaganligini so‘raganimda, “ikkalangizni ham tanimayman”, deb telefonini o‘chirib qo‘ydi, - dedi shu sabab sherigim bilan og‘zaki urishib qolganini bayon qilgan sudlanuvchi.

Bundan tashqari, 2000 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi “maxsus xaridor” va uning tanishini Qozog‘iston Respublikasida joylashgan oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib, keyinchalik Toshkent shahrida joylashgan texnik instituti 2-kursiga ko‘chirib berishda mansabdor lavozimlarda ishlovchi tanishi orqali moddiy manfaat evaziga hal qilib berishga va’da qiladi. Takroran pora berishga dalolat qilib, “maxsus xaridor”dan 6 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida qo‘lga olingan.
— Bir shaxs aloqaga chiqib, “Qozog‘istondagi o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan talabalarni Toshkent shahridagi oliygohlarga ko‘chirish masalasini hal qila olasizmi?” deya so‘radi. Pulga muhtoj bo‘lib turganim uchun unga “hal qilish qo‘limdan keladi. Har bir kishi uchun 3 200 AQSh dollari bo‘lidi”, dedim. U shaxs yana qo‘ng‘iroq qilib, pul va kerakli hujjatlar tayyor ekanini aytdi. O‘sha vaqt sherigim bilan birga yurgandik, unga “bir tanishim bilan uchrashib, undan pul olishim lozim”, deya olib borib kelishni iltimos qildim. Sherigim rozi bo‘ldi va u shaxs bilan belgilangan manzilda uchrashdik. Undan 6 400 AQSh dollarini sanab olayotgan vaqtimda oldimizga bir nechta fuqarolik kiyimidagi shaxslar kelib, meni ushlashdi. Ikki nafar xolislar ishtirokida qo‘limdagi pullarni olib qo‘yishdi. Pullarni maxsus yorituvchi uskunada ko‘rsatishganda, unda “pora” deb yozilgan so‘zlarni ko‘rdim. Sherigimni ham ushlashdi. Qilgan ishimdan qattiq pushaymonman, - deydi bunday holat boshqa qaytarilmasligini aytgan sudlanuvchi.

SUD HUKM QILDI
1999 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
2000 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi JKning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi, 25,168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 25,28,211-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi hamda 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan garov ehtiyot chorasi bekor qilinib va darhol sud majlisi zalidan qamoqqa olindi.

O‘ktam Qaxarov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Chilonzor tuman sudi sudyasi

Kiritildi: 10:48 27.03.2023. O'qildi: 1702 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!