Bugun 2 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

O‘qish kontrakti, xorijiy til o‘rganish va davolanish uchun subsidiyalar: “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun navbatdagi 5 muhim imtiyoz

A A A
O‘qish kontrakti, xorijiy til o‘rganish va davolanish uchun subsidiyalar: “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun navbatdagi 5 muhim imtiyoz

E’tiboringizga “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun navbatdagi imtiyozlarni xavola etamiz.

  1. Tadbirkorlik uchun asbob-uskunalar yoki mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya

Tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini sotib olish uchun BHMning 40 baravarigacha hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida subsidiya ajratiladi.

Bunday asbob-uskunalarga motokultivator, o‘t o‘rish o‘roq mashinasi, perforator, payvandlash apparati, o‘simliklarga ishlov berish qurilmasi, duradgorlik, chilangarlik uskunasi, qurilish uskunasi, kompyuter jamlanmasi va boshqalar kiradi.

Subsidiya olish uchun yoshlar ariza bilan tuman (shahar) yoshlar bo‘limiga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarining turi, miqdori, tovarning markasi, taxminiy narxi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni berishi kerak.

Mazkur hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga yuboriladi.

Hokim yordamchisi 5 ish kunida subsidiya ajratish haqidagi tavsiyani yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani yoshlar ishlari bo‘limiga yuboradi. Subsidiya ajratish rad etilganda, uning sabablari aniq keltirilishi shart.

Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari bo‘limi) o‘z tashabbusi bilan subsidiya berishi mumkin.

Subsidiya ajratish ma’qullansa, Yoshlar ishlari bo‘limi asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini sotib oladi va uni ariza bergan yoshlarga yetkazadi.

  1. Yoshlarning kontrakt puli qoplab beriladi

Yoshlar O‘zbekistondagi har qanday, shu jumladan, davlat, xususiy, xorijiy OTMlarda, texnikum, kollejlarda o‘qiyotgan bo‘lsa, kontrakt bo‘yicha imtiyozdan foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, mazkur imtiyoz faqat bakalavr emas, magistratura bosqichida o‘qiyotganlarga ham beriladi. Bunda bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shakli, magistraturaning faqat kunduzgi yo‘nalishi bo‘lishi kerak.

Kontraktning 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorida qoplab beriladi.

Ariza Yoshlar ishlari bo‘limiga beriladi va unga OTM yoki boshqa ta’lim muassasasi bergan kontrakt nusxasi ilova qilinishi kerak.

Ariza 3 ish kunida mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Yoshlar yetakchisi 5 ish kunida kontraktni qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma yuboradi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan bo‘lishi shart.

Yoshlar yetakchisi arizani 5 ish kunida ko‘rib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari bo‘limi) o‘z tashabbusi bilan kontrakt pulini o‘tkazib berishi mumkin.

Yoshlar ishlari bo‘limi kontraktni qoplash haqida qaror qabul qilingandan so‘ng 3 ish kunida uni OTM hisob raqamiga o‘tkazib beradi.

  1. Xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlari qoplab beriladi

Zamonaviy kasblarni egallash, AKT va xorijiy tillarni o‘rganishga 6 oygacha o‘quv kurslari uchun yoshlarga har oyda BHMning 4 baravarigacha yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida subsidiya ajratiladi.

Xuddi shuningdek, iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi o‘quv kurslari uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun yoshlar ariza va o‘qish shartnomasi nusxasini Yoshlar ishlari bo‘limiga beradi.

Shartnomada ta’lim tashkilotining nomi, STIR, o‘qitiladigan zamonaviy kasb, xorijiy til turi yoki axborot texnologiyalar yo‘nalishi, o‘quv kursining bir oylik to‘lovi miqdori va umumiy muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

Ariza 3 ish kunida yoshlar yetakchisiga yuboriladi va yoshlar yetakchisi 5 ish kunida ko‘rib chiqib xulosa beradi.

Subsidiya ajratish ma’qullansa, kurs xarajatlari ta’lim tashkiloti hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Subsidiya yoshlarga naqd pul ko‘rinishida yoki plastik orqali berilmaydi.

Yoshlar yetakchisi ariza beruvchi haqiqatda o‘quv kursida o‘qiyotganligini har oyda kamida bir marta monitoring asosida o‘rganadi. Monitoring jarayonida yoshlar o‘qishga bormayotgani aniqlansa, subsidiya ajratish to‘xtatiladi.

  1. Olimpiada, tanlov va musobaqalarda qatnashish xarajatlari qoplab beriladi

Yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish uchun ishtirokchilarning yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 4 baravarigacha hamda ushbu olimpiada, tanlov va musobaqalarning xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi.

Buning uchun ariza yoshlar bo‘limiga musobaqada qatnashish huquqini beruvchi xat (sport bo‘limi, maktab yoki boshqa idora tomonidan berilgan xat) bilan birga beriladi.

Ushbu subsidiyani olish uchun mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasi talab etilmaydi.

Yoshlar ishlari bo‘limi 3 ish kunida subsidiya ajratish masalasini hal qiladi.

Bunda subsidiya havo transportida – iqtisodiy (ekonom) klass bo‘yicha, poyezdda esa – 2-klass bo‘yicha ajratiladi. Subsidiya yoshlarning qo‘liga berilmaydi, pullar chipta olinadigan tashkilotga o‘tkazib beriladi.

Kunlik xarajatlar uchun esa davlat tashkilotlari xodimlari xizmat safariga yuborilganda beriladigan miqdorda subsidiya beriladi.

  1. Davolanish xarajatlari qoplab beriladi

Bemor yoshlarga O‘zbekistonda yoki xorijiy davlatlarda davolanish uchun yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun yoshlar yetakchisiga ariza beriladi va yoshlar yetakchisi bemor yoshlarni 3 ish kunida hududiy tibbiyot muassasasidan shifokor jalb qilib tekshiruvdan o‘tkazadi.

Tekshiruv natijasida ariza beruvchiga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati aniqlanganda, ariza beruvchining sog‘lig‘i holatiga qarab belgilangan tartibda davolash uchun tegishli birlamchi, viloyat yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi.

Ariza beruvchi shifokor ko‘rigidan o‘tgandan so‘ng mahalladagi yoshlar yetakchisi 3 ish kunida subsidiya ajratish yoki rad etish haqidagi xabarnomani yoshlar ishlari bo‘limiga yuboradi.

Nogironlik belgilari aniq namoyon bo‘lgan yoshlar belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tish uchun Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalariga yuboriladi.

Davlat byudjeti hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifaga kiradigan (ariza beruvchining ushbu toifaga kirishi yoki kirmasligi tibbiyot muassasasi xulosasiga ko‘ra aniqlanadi), viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar davolanish uchun belgilangan tartibda elektron navbatga qo‘yilishi ta’minlanadi.

Ushbu toifaga kirmaydigan, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi tomonidan viloyat, respublika darajasida yoki xorijiy davlatda davolanishi lozim deb topilgan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning davolanishi yoki jarrohlik amaliyotidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasiga asosan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratiladi.

Manba: hudud24.uz

Kiritildi: 21:38 08.09.2023. O'qildi: 3208 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!