Savol:
Ma’lumki, sovet davrida juda ko‘p e’tiqodli olim-shoirlarimizga «dahriy»lik tamg‘asi bosilgan edi. Hatto Navoiydek iymonli shoirni «shayx, zohid va dindorlarga qarshi asar yozgan» deyishgacha borilgan. Mashhur tasavvuf shayxi Ofoqxo‘ja bilan otashnafas shoir Mashrabni, ulug‘ olim Mirzo Ulug‘bek bilan mashhur mutasavvif Xoja Ahror Valiyni bir-biriga qarshi qo‘yib asarlar yozilgan edi. Bunday qarashlar o‘tmishda qolib ketgan deb o‘ylab yursam, yaqinda bir ilmiy asarda yana Ulug‘bek va Xoja Ahror ziddiyatlari haqida so‘z yuritilibdi. Haqiqatan, ular bir-birlariga dushman bo‘lishganmi, umuman, Ulug‘bekning dahriy ekaniga asoslar bormi?
Ahrorbek Ravshanbekov
Samarqand shahri
Hamma narsani e’tiqodsizlik tarozisida tortishga o‘rganib qolingan yaqin o‘tmishimizda boshqa fan va madaniyat arboblari qatori ulug‘ o‘zbek olimi va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tevaragida ham bir-biriga xilof, nohaq gap-so‘zlar, yorliq yopishtirishlar ko‘p bo‘lgan edi. Yaqin-yaqingacha (hatto hozirda ham) Mirzo Ulug‘bek nomi dindan yuz o‘girib, faqat ilm-fan bilan shug‘ullangani uchun reaksion ulamolar tomonidan tazyiq va ta’qibga uchragan, oxiri hajga yuborish bahonasida mashhur tasavvuf shayxi Xoja Ahror Valiy tomonidan o‘ldirtirib yuborilgan hukmdor sifatida talqin qilib kelindi. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun birgina misol keltiramiz: «Ulug‘bek shaxsiy hayotida ham, siyosiy faoliyatida ham Islom dini aqiydalariga yopishib olgan otasi Shohruxdan tamomila boshqacha yo‘l tutdi. Shohrux Hirotda din peshvolari bilan o‘ralashib qolgan, har haftaning juma kuni muntazam ravishda masjidga borib namoz o‘qigan, man etilgan bazmlarni qattiq ta’qib qilgan bir sharoitda Ulug‘bek Samarqandda olimlar va shoirlar doirasida bo‘lib, ko‘pincha din aqiydalariga zid ish qilar edi» («Samarqand tarixi», Toshkent, «Fan», 1971 yil, 1-jild, 219-bet).
Bu kabi tumtaroq so‘zlarni yozgan muhtaram olimlarimiz yaxshi bilishar ediki, sovet bosqinidan oldin bu yurtning oddiy fuqarosidan tortib eng ulug‘ hukmdorigacha Islom dinida bo‘lgan, uning aqiydalariga bo‘ysunib yashagan, hayotini Qur’on va Sunnat asosiga qurgan. Masalan, sohibqiron Amir Temur hazratlari yoshlik chog‘ida uch yildayoq Qur’oni Karimni to‘liq yod olgan, yod olganda ham undan fiqhiy hukm chiqara olish darajasida yaxshi bilgan. Sohibqiron namozini kanda qilmay o‘qigan, ro‘zasini tutgan, yolg‘on so‘zlamagan, va’dasiga vafo qilgan, harom narsalardan butkul yuz o‘girgan edi. Buni hatto din dushmanlari ham tan olib yozishadi. Temuriylardan bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek haqida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. Buni yuqoridagi kitobdan keltirgan iqtibosimiz ham tasdiqlab turibdi: xudojo‘y va taqvoli hukmdor Shohruxning farzandi arjumandi e’tiqodsiz yoki dahriy bo‘lishi mumkin emas!
Ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bundan yigirma yilcha oldin nashr etilgan kitoblaridagi «Avval o‘yla, keyin so‘yla» sarlahali maqolada quyidagi jumlalar bor: «Ba’zi shaxslar esa, avval dinsiz qilib olinib, so‘ngra ma’lum chegarada ijobiy sifatlar bilan baholanar edilar. Bunday shaxslar qatoriga Alisher Navoiy, Ibn Sino, Farobiy, Ulug‘beklar kiritilgan edi... Kechagina «Ulug‘bek Islomga butun vujudi bilan qarshi bo‘lgan, u «din tumandek tarqalib ketadi», deb aytgani uchun zolim Xoja Ahror boshliq johil ruhoniylar uning o‘limiga sabab bo‘lganlar» deb, «ilmiy haqiqat»ni turli vosita, hatto badiiy asarlarda targ‘ib qilayotganlar bugun «Ulug‘bek chin musulmon bo‘lgan, Qur’onni yaxshi yod bilgan, fiqhni (Islom qonunchiligini) a’lo darajada o‘zlashtirgan, shuning uchun ham Islom shariati ila boshqarilgan musulmon davlatga qirq yil boshliq bo‘lgan», deyishmoqda» («Jamiyat ko‘ksiga urilgan zaharli xanjar», 51-52-betlar).
Movarounnahrning atoqli tarixchilaridan Mirxondning «Ravzatus-safo» ko‘p jildli asarining yettinchi jildi Mirzo Ulug‘bek hukmronligining so‘nggi davrlaridan 1493 yilgacha (Husayn Boyqaro tarixi) bo‘lgan voqealarni yoritadi. Ushbu kitobda ham Mirzo Ulug‘bekning komil musulmon bo‘lgani, shar’iy ahkomlarni og‘ishmay bajargani, diniy ulamolarga har jihatdan yordam ko‘rsatgani batafsil ochib beriladi.
Aslida o‘sha paytda Ulug‘bekning fojiali o‘limiga sabab bo‘lgan bir necha vaziyatlar yuzaga kelgan edi. Bulardan eng asosiysi, Ulug‘bek davlat arbobi va sarkardalikdan ko‘ra ilmni afzal ko‘rgan ko‘ngilchan bir hukmdor edi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu narsa Temur avlodlari bo‘lmish jangari shahzodalarga va urushsiz turolmaydigan sarkardalarga yoqmas, ular xassos va shoirtabiat Ulug‘bekni uncha xushlashmas edi.
Temuriy saltanatning oxirgi yirik vakili Shohrux mirzo vafotidan keyin esa o‘zaro urush va mojarolar kuchayib ketdi. Shohrux o‘zidan keyin nabirasi Abdullatifni taxtga o‘tqazishni istardi. Ammo podshohning xotini Gavharshodbegim davlat ishlariga aralashib, boshqa bir nevara Alouddavlani hukmdor qilmoqchi bo‘ldi. Oqibatda saltanat taxtini egallash da’vosida yurgan Muhammad Sulton, Abulqosim Bobur, Alouddavla va Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatif hukmdorga qarshi tish qayray boshlashdi. Saltanat taxtiga Shohruxning nabiralaridan ko‘ra haqliroq bo‘lgan Ulug‘bek o‘g‘li Abdullatif bilan birlashib, Alouddavlani Hirotdan qochishga majbur etadi va Shohruxning poytaxtini egallaydi.
Biroq taxt ilinjida yongan Abdullatif Ulug‘bek dushmanlarining ig‘vosi bilan otasiga qarshi isyon ko‘tardi va Abulqosim Bobur bilan til biriktirib otasiga qarshi ittifoq tuzdi. Xoin Abdullatif aziz otasining hayotiga chang soldi va uning tabiiy ilmlarga rag‘bati ustunligidan norozi bo‘lib yurgan mutaassib ruhoniylardan «dindan chiqqan» Ulug‘bekni o‘ldirish haqida fatvo yozdirib oldi. Vaholanki, Ulug‘bek hokimiyatni Abdullatifga topshirib, umrining qolgan qismini ilmga bag‘ishlash niyatida Samarqandga borib, o‘zini o‘g‘liga topshirganini Davlatshoh Samarqandiy va «Tarixi Abulxayrxoniy» muallifi Mas’ud ibn Usmon Ko‘histoniylar yozib qoldirishgan.
Diniy ulamolarning johil, yangilikka qarshi, mutaassib qatlami falakshunoslik va riyoziyot kabi ilmlarga «mukkasidan ketgan» Ulug‘bekni yoqtirmasligi ham haqiqat edi. Vaholanki, diniy va dunyoviy ilmlar o‘rtasiga «xitoy devori» qurib oladigan, surishtirib o‘tirmay har qanday taraqqiyot yangiligini haromga chiqaradigan bunday johillar Ulug‘bek zamonidan oldin ham, keyin ham yetarlicha topilgan. Ammo Xoja Ahror Valiyday ulug‘ mutasavvifning, Allohning do‘stlaridan deb tan olingan karomatli shayxning Ulug‘bekning o‘limiga hech qanday aloqalari bo‘lmagan. Bu tarixiy mudhish hatoni tuzatish yo‘lida katta izlanishlar olib borgan samarqandlik tadqiqotchi, Xoja Ahror Valiyning avlodlaridan Komilxon Kattayev «Xoja Ahror Valiy va Mirzo Ulug‘bek muammolari» degan maxsus risola yozib, 2004 yili Samarqandda chop ettirdi. Keling, ana shu ilmiy asarning mavzuimizga oid ayrim o‘rinlari bilan tanishib chiqaylik:
«Xoja Ahror Valiy bilan Mirzo Ulug‘bek oralarini dastlab akademik Bartold boshliq sharqshunoslar buzgan bo‘lsa, keyinchalik o‘zimizdan chiqqan olimlar davom ettirishdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti Toshmuhammad Qori-Niyoziy «Astronomicheskaya shkola Ulugbeka» nomli monografiyasida hazrati Xoja Ahrorni Mirzo Ulug‘bekning o‘ldirilishda ayblaydi».
Akademikning bu fikriga ushbu satrlar muallifining bobosi Kattaxonxoja Dahbediy (1868 – 1969) qarshi chiqqan edilar... (Xoja Ahror Valiy u kishiga ona tomondan katta bobo edilar). Kattaxonxoja Eshon bu asarni Islom diniga va ma’rifatga qarshi yangi fitna deb tushunib, o‘sha zahoti O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga va uning rahbariga xat jo‘natadilar hamda akademik juda katta tarixiy xatoga yo‘l qo‘yayotganini izhor etadilar. Buni dalillash uchun toshkentlik katta olimlarni Dahbedga taklif etadilar.
Risolada yozilishicha, «Sobiq Ittifoq tarixchiligida bu muammoni o‘rganishda juda ko‘p chalkashliklarga yo‘l qo‘yilgan. Avvalo, Xoja Ahror va Mirzo Ulug‘bek bir-birlari bilan uchrashishmagan. Xoja Ahror xalqqa tanilganidan keyin Samarqandga birinchi marta milodiy 1450 yili kelgan (1427 yili oz muddatga o‘qishga kelgan, ammo shahardagi madrasalarning minglab talabalari ichida yosh Ubaydullohning hukmdor Ulug‘bek bilan shaxsan tanish bo‘lishi ehtimoldan yiroqdir). Bu paytda Mirzo Ulug‘bek ham, uning padarkush o‘g‘li Abdullatif ham hayotda yo‘q, hokimiyat Ulug‘bekning kuyovi va jiyani Abdulloh mirzo qo‘lida edi. Shu dalilning o‘zi hazrati Xoja Ahrorning Ulug‘bek fojiasiga umuman aloqalari bo‘lmaganini isbotlab turibdi».
Komilxon Kattayevning fikricha, sovet olimlari o‘ylab topib, keyin zo‘r berib alangalatgan bu uydirmani o‘zbek olimlari ham qo‘llab, Xoja Ahrorga tuhmat qilish bobida ustozlarini ham ortda qoldirib ketishadi. Muallif risolasida yozadi: «Rusiyalik A.Boldiryov, tojikistonlik A’loxon Afsadzod kabi olimlar mustabid tuzum davrida ham Xoja Ahror haqlarida haqiqatni yozishga harakat qilishgani holda ba’zi yurtdoshlarimiz bu valiy zotni «taraqqiyot dushmani», «Ulug‘bekka qarshi chiqqan shaxs», «reaksion din arbobi» sifatlari bilan kitoblar yozishgan edi. Yana bir katta insofsizlik shuki, ayrimlar Ulug‘bekning qatlini uning rasadxona qurdirganiyu falakshunoslik ilmi bilan shug‘ullanganiga bog‘lashadi. Bu da’voda ham hech bir asos yo‘q! Dinimiz, ayrimlar zo‘r berib istaganiday, ilm-fanga, taraqqiyotga zid emas. Mirzo Ulug‘bek ham hech qachon g‘ayridin bo‘lmagan, besh vaqt namozini kanda qilmagan, asarlarida Islom dini va aqiydasini himoya etgan zotdir. Buning ustiga musulmon olamida Ulug‘bekdan oldin ham, keyin ham falakiyot bilan shug‘ullanilgan, rasadxonalar qurilgan. Eng qizig‘i, Xoja Ahror qurdirgan va So‘zangaron ko‘chasida joylashgan madrasaning devoriga tutash hovli Ulug‘bekning eng yaqin shogirdi mavlono Aliy Qushchiga tegishli bo‘lgan. Bu alloma ustozi Ulug‘bek vafotidan keyin yana yigirma ikki yil mobaynida shu hovlisida tinchgina yashab ijod qilgan».
O‘zimizdan yana shuni qo‘shimcha qilamiz: Aliy Qushchining Islom olamida martabasi shunchalik baland ediki, taxt uchun urush-mojarolaridan to‘yib, vatanini tark etgan olim umrining oxirigacha Turkiyadagi Ayo-Sofiya jome’ masjidi qoshidagi madrasada bosh mudarris bo‘ldi va Istanbulda vafot etganidan so‘ng musulmonlarning tabarruk ziyoratgohi – Abu Ayyub Ansoriy qabristonida dafn etildi.
Xullas, uzoq yillar mobaynida Mirzo Ulug‘bekka nohaq taqilgan dahriylik tamg‘asini olib tashlash, uning o‘limida Xoja Ahror Valiyday tabarruk zotni ayblash kabi tuhmatlarga chek qo‘yish payti keldi. Ayrim zamonasoz olimlar yozib kelganiday Mirzo Ulug‘bekning o‘limiga Islom dini ham, Xoja Ahror Valiy ham sababchi emas, balki bu fojia hukmdorning ayrim kishilar bilan shaxsiy adovati va taxt uchun kurashlar natijasidir. Bunga isbot-dadil axtarib yurishning hojati ham yo‘q. Mirxond, Davlatshoh Samarqandiy, Abdurrazzoq Samarqandiy, Abu Tohirxoja, Muhammad Haydar, Xondamir kabi insofli tarixchilarimizning asarlariga xolis murojaat qilinsa, kifoya!
Ahmad Muhammad
«Hilol» jurnalining 5(14) sonidan