Bugun 13 avgust, 2025 yil, chorshanba

КИР

Samarqandda ikki nafar yollanma askar uy qamog‘iga hukm qilindi

Samarqandda ikki nafar yollanma askar uy qamog‘iga hukm qilindi

Joriy yil 4 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi Rossiya qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi janglarda qatnashgan ikki o‘zbekistonlikka nisbatan sud hukmini o‘qidi.

Sud tergovlarida ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchilardan biri – 1999 yilda Ishtixon tumanida tug‘ilgan M.Q. 2021 yil 15 noyabr kuni ishlash maqsadida Rossiyaga boradi. Biroq u giyohvandlik vositalari qonunga xilof muomalasi bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, 10 yilga qamalib qoladi.

2024 yilning oktyabr oyida esa Moskva shahrida jazo o‘tab kelishi vaqtida, RF huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tab kelayotgan jazodan ozod etilishi, Rossiya fuqaroligini olishi va 1,8 mln rubl miqdoridagi pul mablag‘i evaziga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jangovor harakatlarda Rossiya davlati tomonidan ishtirok etishga qaror qiladi.

Shu tariqa 2024 yil 8 oktyabr kuni RF Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism bilan yollanma harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida shartnoma tuzib, 2024 yilning oktyabr oyidan 2025 yil 6 yanvar kuniga qadar jangovor harakatlarda ishtirok etadi. Joriy yilning 6 yanvarida esa granata portlashidan og‘ir tan jarohati olib, 2025 yilning 6 aprel kuniga qadar Donesk shahridagi harbiy gospitalda bo‘lib kelib, 2025 yil 11 aprel kuni O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga O‘zbekistonga qaytishda yordam berishini so‘rab murojaat qiladi va 24 aprel kuni Samarqandga yetib keladi.

M.Q. ning tergovda ma’lum qilishicha, u qamoqxonada payti turli bosimlar ostida urushga borishga majbur bo‘lgan. 2024 yilning 25 dekabrida, ya’ni harbiy tayyorgarlikdan so‘ng ularni jangovor transportlarda Ukrainaga qarashli Toresk shahriga olib borishgan. Ushbu shahardagi yurishlarining birida joriy yil 6 yanvar kuni dronlar hujumiga uchrab granata sachratmalaridan qattiq jarohatlanadi va harbiy gospitaldagi muolajalardan so‘ng Vatanga qaytadi.

Sud M.Q.ni JKning 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 154-moddasi 1-qismi bilan 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

***

Shu kunning o‘zida mazkur sud binosida yana bir ishtixonlik – 1984 yilda tug‘ilgan N.D.ning yollanib urushga kirganiga doir ish ko‘rib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi 2023 yil 24 iyul kuni ishlash maqsadida Rossiyaga borib, 2023 yil 21 noyabr kuni 1 yil muddatga RF qurolli kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tash yuzasidan rasmiy tarzda shartnoma rasmiylashtiradi va urushga ketadi.

U Rossiya-Ukraina urushida Rossiya davlati tomonida o‘qchi-granatometchi yordamchisi sifatida 2023 yil noyabr oyidan 2024 yil sentyabr oyiga qadar Ukrainaning Lugansk viloyatidagi harbiy harakatlarda ishtirok etadi.

N.D.ning sud tergovida ma’lum qilishicha, u aslida RF fuqaroligini olib, Ukrainaga qarshi urushga kirgan akasi S.D.ni ortga qaytarish uchun o‘zi ham urushga yollangan. Ya’ni u o‘z ixtiyori bilan RF Qurolli kuchlarida harbiy xizmatni o‘tash maqsadida bir yillik shartnomani imzolagan. Shundan so‘ng u Ukraina davlatining Lugansk viloyatida, asosan front orti ishlarida ishlab keladi. O‘sha paytlarda esa u akasi S.D. 2024 yil 24 iyun kuni Lugansk viloyati Terney nomli joyda bo‘lib o‘tgan jangovar harakatlarda halok bo‘lganligini eshitadi.

O‘zi ham 2024 yil 19 sentyabr kuni blindaj qurish ishlarini amalga oshirayotgan vaqtida, Ukraina tomonidan minomyot va boshqa artilleriya snaryad o‘qlaridan qochib o‘rmonga kirayotgan vaqtida mina-granatadan qattiq jarohatlanadi. U bilan ishlashga kelgan askarlarning esa barchasi halok bo‘lgan.

«3 kungacha hech kim qidirib kelmadi. Oziq-ovqat va suv tamom bo‘lganidan so‘ng sudralib yo‘lga chiqdim. Bu orada o‘tayotgan askarni ko‘rib qolib, undan yordam berishni so‘radim. Keyin sanitarlar kelib, meni gospitalga olib ketishdi. Gostipalda 2024 yil 1 noyabr kuniga qadar yotib davolanganimdan so‘ng harbiy tibbiy komissiya vaqtincha harbiy xizmatga noloyiq deb xulosa berdi.

30 kunga ta’tilga chiqdim va 2024 yil 23 noyabr kuni RF Qurolli kuchlari bilan tuzilgan harbiy xizmat shartnomam muddati tugadi. Davolanib chiqib 2024 yil 16 noyabr kuni akamni murdasini o‘liklar orasidan qidirib, harbiy jetonidan aniqlab topdim. Faqat suyaklari qolgan ekan. Shundan keyin diniy marosimlarni qilib, janoza namozini o‘qib, shu joyga dafn qildim», – deydi N.D.

2025 yil 22 mart kuni u O‘zbekistondagi yashash manziliga qaytib kelgan.

Sud N.D.ni JKning 154-1 -moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga nisbatan mazkur modda bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Kiritildi: 18:44 12.08.2025. O'qildi: 1015 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!