Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat mudofaa-sanoat majmuasi oldiga uzoq masofaga uruvchi dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasini qo‘yganini, chunki Ukraina Qurolli kuchlari har kuni Rossiya hududi bo‘ylab mingtagacha dron uchirish imkoniga ega bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina Rossiyaga kuniga o‘rtacha 300 ta dron bilan hujum qilmoqda va bu yetarli emas.
"Vazifa: Rossiyaga qarshi uzoq masofali janglar uchun kuniga mingta dron. Aniq maqsad bor va bu vazifani bajaramiz", — dedi u.
Zelenskiy ishlab chiqarishni bir necha baravar oshirish zaruratini Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik ob’ektlariga zarbalari kuchaygani bilan izohladi. Rossiya har kuni Ukrainaning Kiyev, Xarkov, Zaporijjya, Sumi, Chernigov, Dnepropetrovsk va Xerson hududlariga hujum qilayotgan Shahed reaktiv dronlarini ommaviy ravishda qo‘llamoqda. Zelenskiy bunday nishonlarga qarshi samarali kurasha oladigan tutuvchi dronlar ishlab chiqarishni tezlashtirishni ham talab qilganini bildirdi.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Mudofaa kuchlarining Rossiya hududidagi ob’ektlarga tizimli zarbalari allaqachon sezilarli iqtisodiy va logistik natijalarni bermoqda.
"Rossiya benzin taqchilligi yuzaga keldi, yonilg‘i narxi oshdi, logistika bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga keldi. Bundan tashqari, Rossiya o‘z tarixida birinchi marta benzin import qilishni va o‘z neft kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjet mablag‘larini sarflashni boshladi. Agar Kreml urushni tugatish bo‘yicha normal muzokaralardan qochishda davom etsa, Rossiya uchun yo‘qotishlar faqat ortib boraveradi", — dedi Ukraina yetakchisi.