Bugun 30 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Moskvaga yashirin tashrif: AQSh bosh josusi Putinga qanday xabar keltirdi?

Moskvaga yashirin tashrif: AQSh bosh josusi Putinga qanday xabar keltirdi?

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Jon Retkliff joriy hafta Moskvaga yashirin tashrif buyurgani turlicha talqin etilmoqda. Qayd etish joizki, Retkliff Rossiya 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi boshlaganidan keyin Moskvaga kelgan ilk yuqori martabali amerikalik mansabdor sanaladi.

The New York Times gazetasi yozishicha, MRB rahbari Jon Retkliff 25 avgust kuni Moskvada Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov bilan uchrashgan va hamkasbiga Ukraina bilan urushda Rossiyaning holati ayanchli ekani haqidagi xulosasini yetkazgan. AQSh bosh josusi harbiy, iqtisodiy vaziyat yanada yomonlashmasdan turib, Ukraina bilan urushni to‘xtatish yuzasidan muzokarani boshlashga chaqirgan.

The Wall Street Journal va Politico nashrlariga ko‘ra esa, MRB rahbarining yashirin tashrifidan ko‘zlangan maqsad boshqa. Retkliff Rossiya rahbariyatini AQShning NATO tarkibidagi ittifoqchilari, xususan, Estoniya, Latviya va Litvaga hujum qilish oqibatidan ogohlantirgan.

Rossiya NATO davlatlarining javob harakatini sinab ko‘rish uchun harbiy alyans davlatlariga hujum qilishi mumkinligi ehtimoli ko‘pdan buyon muhokama etilmoqda.

AQShdagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) ham ana shu versiyani dastaklagan. Ma’lumki, NATO bitimining 5-moddasida a’zo davlatlardan birortasiga qilingan hujum butun harbiy alyans a’zolariga qilingan hujum deb malakalanishi va javob chorasi ko‘rilishi qayd etilgan. ISW ekspertlari fikricha, Rossiya cheklangan harbiy amaliyot (aviasiya, raketa, dron hujumi yoki quruqlik orqali kichik hamla) orqali NATO bitimining 5-moddasi qanchalik real ishlashi, ittifoqchilar qanday javob harakati qilishini sinab ko‘rmoqchi.

Estoniyaning sobiq prezidenti Toomas Xendrik Ilves Euronews telekanaliga bergan intervyusida Jon Retkliffning Moskvaga tashrifidan ko‘zlangan maqsad Rossiyani NATO davlatlari, xususan, Boltiqbo‘yiga hujumdan qaytarish degan versiyani rad etgan. Unga ko‘ra, Eronga qarshi joriy yil 28 fevraldan buyon urush olib borayotgan AQSh Moskva Tehronga hujum uchun nishonlarga doir qimmatli ma’lumotlar yetkazayotganidan tashvishda. MRB rahbarining Moskva missiyasi ham Eronga ko‘mak borasida ogohlantirishdan iboratdir.

Euronews bilan suhbatlashgan yevropalik harbiy amaldor fikricha, Rossiya AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropaga nisbatan ko‘mak pozisiyasi o‘zgarayotganidan foydalanib, mintaqaga sinov tariqasida hujum uyushtirishni ko‘zlamoqda. MRB rahbari esa Moskvani bunday xatarli qadamdan qaytarishga uringan.

Tahlilchilar Retkliffning salafi besh yil avval Moskvaga xuddi shunday tashrif bilan kelganini yodga olmoqda. 2021 yilning noyabrida MRB rahbari Uilyam Byorns Rossiya poytaxtiga kelgan va Kremlni Ukrainaga urush ochishning xatarli oqibatlaridan ogohlantirgandi. Ammo o‘shanda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vashingtonning ogohlantirishiga quloq solmagan. Shunga ko‘ra, ayrim ekspertlar Jon Retkliffning missiyasi ham muvaffaqiyatsiz yakunlanishini taxmin qilmoqda.

Boltiqbo‘yi davlatlari yetakchilari garchi Rossiya hujumini tasdiqlovchi real harakatlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, bu tahdidni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak degan fikrda. Masalan, Litva prezidenti Gitanas Nauseda Rossiya muhim infrastruktura ob’ektlariga hujum uyushtirishi mumkin deb hisoblaydi.

Evropa Ittifoqiga a’zo Sharqiy Yevropa davlatlari ham Yevropa komissiyasidan ortib borayotgan xatarlarga javoban qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni talab qilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Axios nashriga intervyusida Rossiya va NATOning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvi masalasida xavotirlanmasligi, bu borada hech qanday muammo yo‘qligiga ishontirgan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvaning NATOga hujumi ehtimolini rad etgan.

«Hozir bunday qo‘rqinchli mish-mishlar juda ko‘p chop etilmoqda. Albatta, buning haqiqatga ham, Rossiya Federasiyasining maqsad-niyatlariga ham hech qanday aloqasi yo‘q»,degan D.Peskov jurnalistlarga.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya va NATO o‘rtasidagi taranglik tobora kuchaymoqda.

Joriy yil iyun oyida Polsha razvedka idorasi rahbari Pavel Shota Rossiya Federasiyasi NATO davlatlariga nisbatan provokasion harakat sodir etib, vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligi haqida bayonot bergandi.

Kreml Rossiyaning Shimoliy Atlantika alyansi davlatlariga hujum qilish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. Biroq NATOning bir qator davlatlari rasmiylari va razvedka xizmatlari, jumladan, Germaniya mudofaa vaziri Moskva hujumga hozirlik ko‘rayotganini aytmoqda.

Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen Rossiya prezidenti Vladimir Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi.

Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal ham G‘arb davlatlari o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish borasida qat’iyat ko‘rsatmasa, Moskva hujumi qarshisida ojiz qolishidan ogohlantirgan.

Oldinroq Urushni tadqiq qilish instituti Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan edi.

Ma’lumot o‘rnida: 2025 yil 12-16 sentyabr kunlari Rossiya Belarus bilan hamkorlikda “Zapad-2025” strategik harbiy o‘quvini tashkil etdi. Harbiy razvedka bo‘yicha tahlilchi Rebekka Kofflerning yozishicha, Rossiya armiyasi mazkur mashg‘ulotlarda taktik yadro qurolini ishga solishni ham mashq qildi. Jarayonga harbiy forma kiygan Putin boshchilik qildi.

Ta’kidlanishicha, Rossiya ham, G‘arb ham yadro urushini istamaydi, ammo tobora qaltis tus olayotgan vaziyat yadro urushi ehtimoli har qachongidan ham kuchliroq ekanidan dalolat beradi.

Kiritildi: 17:25 29.08.2026. O'qildi: 1117 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!