Bu haqda agentlikning xomashyo bozorlari bo‘yicha tahlilchisi Xavyer Blas ma’lum qildi.
"Noyob yer metallariga 17 ta kimyoviy element, jumladan, disproziy, prazeodim, prometiy va skandiy kiradi. Biroq AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada faqat bitta element – skandiy qazib olinadigan kichik konlar bor", deb yozadi Bloomberg.
Bundan tashqari, 1970 yilda Sovet Ittifoqi Novopoltava konini ochgan bo‘lib, u ham ayrim noyob yer elementlarini o‘z ichiga oladi. Lekin, so‘nggi 50 yilda ushbu kon ishlatilmagan, chunki bu minerallarni qazib olish juda qiyin. Ukraina hukumati ham undan foydalanish iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lishini tan olgan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Ukrainadan 500 milliard dollarlik noyob yer metallarini olishni xohlashini bildirgan edi. Biroq nashr sharhlovchisining hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyodagi barcha noyob yer metallari qazib olish hajmi yiliga atigi 15 milliard dollarni tashkil qiladi. Agar Ukraina butun dunyo ishlab chiqarishining 20 foizini amalga oshirgan taqdirda ham, bu mamlakatning bu sohadagi yillik daromadi 3 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lar edi.