BMT Ukrainada tinch aholi halokati va yaralanganlar soni yiliga qarab keskin ko‘payib borayotganidan jiddiy tashvish bildirmoqda. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida qayd etilgan qurbonlar soni 2024 yildagidan ham oshib ketdi.
Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashi majlisida BMT bosh kotibi o‘rinbosari devonining Yevropa bo‘limi rahbari Kayoko Goto vaziyatning tobora og‘irlashib borayotganini ta’kidladi.
“Keng ko‘lamli havo zarbalari oqibatida tinch aholi asosiy yukni ko‘tarmoqda. 2025 yilning dastlabki o‘n oyidagi qurbonlar soni allaqachon o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan oshdi”, — dedi Goto.
OHCHR ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon Ukrainarda 14 534 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, ularning 745 nafari bolalar. Yaralanganlar soni esa 3872 nafardan ortiq.
BMT vakillarining ta’kidlashicha, mojaro nafaqat Ukrainada, balki Rossiya hududidagi tinch aholiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Tashkilot ikki tomonni ham aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi.
Gumanitar vaziyat ham yomonlashmoqda:
— 2025 yilda 122 ming kishi ko‘chirilgan,
— umumiy hisobda 3,7 million ukrainalik o‘tgan yillar davomida o‘z uyini tark etgan,
— BMT gumanitar dasturlari uchun zarur bo‘lgan mablag‘ning faqat 46 foizi ta’minlangan.
BMT ogohlantirmoqda: agar mojaro kuchayib borsa, tinch aholi o‘rtasidagi yo‘qotishlar yana oshib ketishi mumkin.