Ukraina dronlari may oyida Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga kamida 16 marta zarba yo‘lladi. Bloomberg baholashiga ko‘ra, bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi katta urush davridagi rekord ko‘rsatkich sanaladi.
Agentlikning qayd etishicha, so‘nggi oy davomida zarba ostida qolgan energetik ob’ektlardan kamida sakkiztasi Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlari o‘ntaligiga kiradi. Xususan, Yaroslavldagi “Slavneft-YANOS” zavodiga uch marta, “Lukoyl”ning Perm va Nijniy Novgoroddagi zavodlariga esa ikki martadan hujum qilingan.
Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarish hajmi 2009 yildan keyingi davrdagi minimum ko‘rsatkichga tushib ketgan. OilX tahliliy firmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyidagi o‘rtacha qiymati kuniga 4,58 million barrelni tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa o‘tgan yilning shu davridagi o‘rtacha kunlik ko‘rsatkichdan taxminan 700 ming barrel (yoki 13 foizga) kam va 2009 yil oktyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkichdir.
Ukraina harbiylari eksport terminallari va neft quvurlari infratuzilmasi, shuningdek, yoqilg‘i bazalarini ham nishonga olmoqda. Umuman olganda, may oyida Rossiyaning neft infratuzilmasi ob’ektlariga kamida 30 ta dron hujumi qayd etilgan.