Rossiya chorshanba kuni urush boshlanganidan beri Rossiya hududiga eng yirik hujumlardan birida o‘zining Janubiy chegarasiga yirik tabiiy gaz uzatish markazi yaqinida kirib kelgan Ukraina kuchlariga qarshi qizg‘in janglar olib borganini aytdi.
Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov chegara mintaqasida favqulodda holat joriy qildi. Mintaqaviy rasmiylarning aytishicha, bu muayyan hududlarga kirishni cheklashni anglatadi.
Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 31 nafar tinch aholi, jumladan olti nafar bola yaralangan. Smirnov seshanba kuni besh kishi halok bo‘lganini aytdi.
Harbiy qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Rossiya Milliy gvardiyasi yaqin atrofdagi Kursk atom elektr stansiyasi va uning to‘rtta reaktori atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Rossiya Ukrainaning 2023 yilgi qarshi hujumi katta yutuqlarga erisha olmaganidan keyin bu yil oldinga siljidi va 14 iyundan beri Ukraina kuchlaridan 420 kvadrat kilometr hududni tortib oldi, deydi Rossiya rasmiylari.
Ukraina seshanba kuni zarba berdi va janglar chorshanbaga o‘tar kechasi davom etdi. Ukraina kuchlari Moskvadan 530 km janubi-g‘arbda joylashgan chegaradagi Sudja shahrining shimoli-g‘arbiga bostirib kirdi, dedi Rossiya Mudofaa vazirligi.
«Kiyev rejimi yana bir yirik provokasiyani boshlab yubordi», dedi prezident Vladimir Putin Rossiya hukumati a’zolariga Kursk viloyatidagi hujumga ishora qilib.