Bu haqda Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura (“SAP”) xabar berdi.
SAP ma’lumotlariga ko‘ra, gap Kiyev yaqinida elita ko‘chmas mulk qurilishi doirasida pul yuvish bilan bog‘liq uyushgan jinoiy guruh faoliyati haqida ketmoqda. Qurilish loyihasi orqali qariyb 460 million grivna (10 million dollardan ortiq) mablag‘ legallashtirilgan. Xususan, Kozin qishlog‘idagi “Dinastiya” deb nomlangan majmuada har biri 1000 kvadrat metr bo‘lgan to‘rtta qarorgoh qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, loyihada uy egalari uchun umumiy sport zali, basseyn va spa-zonaga ega beshinchi maxsus bino qurilishi ham ko‘zda tutilgan.
Andrey Yermak hozircha vaziyatga batafsil izoh berishdan bosh tortmoqda.
"Men hozir hech qanday izoh bermayman. Tergov harakatlari yakunlangach, munosabat bildiraman. Mening birorta ham hashamatli uyim yo‘q, faqat bitta kvartiram va siz ko‘rgan bitta avtomobilim bor", — dedi u.
Avvalroq Yermakka nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida “Ukrainskaya pravda” o‘z manbalariga tayanib xabar bergandi. Biroq u nimada gumonlanayotgani noma’lum bo‘lgan. 2025 yilning noyabr oyida “Energoatom” ishi doirasida uning uyida tintuv o‘tkazilgan, shundan so‘ng u Prezident ofisi rahbari lavozimidan ozod etilgandi.