Joriy yilning fevral oyida Rossiyada gaz qazib olish 2024 yilning fevral oyiga nisbatan 11,3 foizga kamayib, 57,2 milliard kub metrni tashkil etdi. Ikki oy yakuniga ko‘ra, 131 mlrd kub metr gaz qazib olindi – bu o‘tgan yilga nisbatan 7,3 foizga kam, deya xabar berdi “Kommersant’”.
Gazetaning yozishicha, ko‘rsatkichlarga 1 yanvar kuni Ukraina orqali Rossiya gazi tranziti to‘xtatilgani ta’sir ko‘rsatdi, bu yo‘nalishda eksport hajmi yiliga taxminan 15 milliard kubometrni tashkil etgan. Xususan, qisqartirishlar, “Novatek”, “Lukoyl”, “Rosneft” va “Gazprom neft” kompaniyalariga ta’sir qildi.
Shuningdek, “Shimoliy oqim” quvuridagi Ukraina va “Yamal-Evropa” gaz quvuri orqali tranzit to‘xtatilgandan so‘ng, Rossiya gazi Yevropaga faqat “Turk oqimi” orqali yetkazib beoilmoqda. Ushbu gaz quvurining yillik quvvati 31,5 mlrd kub metrni tashkil etadi.
Rossiya davlat axborot agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-fevral oylarida “Turk oqimi” orqali Yevropa mamlakatlariga gaz eksporti 3,1 milliard kub metrni tashkil etgan.