Ukraina Kurskdagi Rossiya prezidenti administrasiyasiga tegishli sanatoriyga Storm Shadow raketalari bilan zarba bergani taxmin qilinmoqda — Defense Express.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan raketa zarbalari berilgani aks etgan video Kursk viloyatining Marino qishlog‘idagi Baryatinskiy knyazlarining mulki yaqinida tasvirga olingan. Hozirda bu bino Rossiya prezidenti administrasiyasi boshqaruvidagi sanatoriy hisoblanadi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kompleksning sharqiy qismida rus armiyasining yer osti qo‘mondonlik punkti bo‘lishi mumkin, undan Kursk viloyatidagi Rossiya qo‘shinlari guruhi qo‘mondonlari va Shimoliy Koreya generallari foydalangan.
"Aynan shu sababli ushbu ob’ektga hujum uchun juda ko‘p miqdordagi Storm Shadow raketalaridan foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Raketalarning 450 kilogrammli jangovar kallaklari kuchli himoyalangan ob’ektlarni yo‘q qilish uchun maxsus ishlab chiqilgan", deb yozadi Defense Express.