Rossiyaning Kaluga shahrida Ukraina dronlari hujumi oqibatida “Yandeks” kompaniyasiga tegishli ma’lumotlar markazi zarar ko‘rdi. Markazning bir nechta moduli butunlay ishdan chiqqan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
“Yandeks” kompaniyasining aniqlik kiritishicha, mutaxassislar Kalugadagi markazga yetkazilgan zarar ko‘lamini baholashda davom etmoqda. Hujum oqibatida kompaniyaning ayrim xizmatlari uzilishlar bilan ishlamoqda.
Kalugadagi ma’lumotlar markazi qurilishi 2022 yilda boshlangan, uning birinchi qismi esa 2023 yil dekabrda ishga tushirilgan. Rossiyadagi eng yirik “Yandeks” ma’lumotlar markazi 3 800 dan ortiq server javonini joylashtirishga mo‘ljallangan bo‘lib, kompaniyaning o‘z xizmatlari va Yandex Cloud mijozlariga xizmat ko‘rsatadi. Hujum paytida markazda qancha server bo‘lgani noma’lum.
8 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi “Yandeks” ma’lumotlar markaziga hujum qilgan. Zarbadan so‘ng yong‘in chiqib, markaz faoliyati to‘xtagan. Shikastlangan uskunalarni tiklash imkoni bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.
Ushbu markaz 2014 yilda ochilgan. “Yandeks”ning uchta superkompyuteridan ikkitasi aynan shu yerda joylashgan. Ular sun’iy intellekt, jumladan, YandexGPT'ni ishlab chiqishda qo‘llanadi. Superkompyuterlar zarar ko‘rgan yoki ko‘rmagani ma’lum emas.
Hujum ortidan Rossiyadagi bir qator internet xizmatlari faoliyatida uzilishlar kuzatilgan. Jumladan, foydalanuvchilar “Yandeks”, “Avito”, “Sian”, Rossiya temiryo‘llari va ayrim ommaviy axborot vositalari saytlariga kirishda muammolarga duch kelgan. Yandex Cloud'ning Sasovodagi markaz bilan bog‘liq xizmatlari ham ishlamay qolgan.