Hozirda mutaxassislar, shu jumladan razvedka Bosh boshqarmasi vakillari tomonidan ishlab chiqilayotgan Ukraina uchuvchisiz tizimlari allaqachon Rossiyaning harbiy ob’ektlariga 1800 km masofada zarba berishga imkon beradi.
Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov ma’lum qildi.
«Ukrainaning tinch shaharlari uchun doimiy tahdid manbai bo‘lgan harbiy aerodromlar havo hujumlaridan titrayapti. Urush uchun ishlaydigan butun Rossiya infratuzilmasi yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi. Chunki Rossiya o‘zini himoya qilish o‘rniga, asossiz urush va suveren davlat yerlariga hujum qilishning yolg‘on yo‘lini tanladi», deb yozadi u.
Budanovning ta’kidlashicha, bu yil harbiy razvedka xodimlarining harakatlari tufayli Ukraina ruslarni Qora dengiz flotini «xavfsiz» masofaga o‘tkazishga «majbur qildi». "Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzni boshlab, Rossiya armiyasi va uning tuzilmalari uchun xavfsiz joy hozir mavjud emas. Jazoni keyinga qoldirish mumkin, lekin hech qachon bekor qilinmaydi”, deb hisoblaydi u.
Budanovning ta’kidlashicha, yil davomida razvedka boshqarmasi kibermutaxassislari o‘nlab operasiyalarni amalga oshirib, Ukraina uchun qimmatli ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan, Rossiya ma’lumotlar bazalariga kirib, aloqaning zaif tomonlarini aniqlagan. Uning ishontirishicha, bu hozir Ukraina harbiy razvedkasi ixtiyorida bo‘lgan Rossiya harbiy-siyosiy qo‘mondonligi faoliyati haqidagi yagona ma’lumot manbai emas.