AQSh prezidenti Donald Tramp Moskva va Kiyevdan zudlik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashni talab qilib, aks holda Vashington tinchlik jarayonida ishtirok etishdan bosh tortishi bilan tahdid qildi. Bu haqda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff 12 may kuni chop etilgan Breitbart News nashriga bergan intervyusida aytdi.
“Prezident ultimatum qo‘ydi: agar tez orada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlanmasa, Qo‘shma Shtatlar undan chiqishga majbur bo‘ladi”, - dedi Uitkoff. Uning so‘zlari 15-may kuni Turkiyada Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuv bo‘yicha muhokamalar boshlanishidan oldin yangragan.
Uitkoffning fikricha, bunday uchrashuv "juda mumkin".
Uitkoffning qayd etishicha, muzokaralarning asosiy mavzulari Rossiya tomonidan bosib olingan beshta hududning maqomi, Zaporijjya atom elektr stansiyasi ustidan nazorat, Ukrainaning Dnepr va Qora dengizga chiqishi bo‘ladi. U, shuningdek, “Putin imzosisiz hech qanday kelishuv bo‘lishi mumkin emasligini” tan oldi.
Manbalarga ko‘ra, Amerika rejasi atom elektr stansiyasi nazoratini har ikki tomonni elektr energiyasi bilan ta’minlash kafolati bilan AQShga topshirishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, Qrimni Rossiya Federasiyasining amalda bir qismi sifatida tan olish masalasi ham muhokama qilindi, bu taklif Kiyev va uning ittifoqchilari tomonidan keskin rad etildi.