Bugun 1 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

Atiga 5 yil. To‘rt kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Farg‘onadagi portlash aybdorlariga sud hukmi o‘qildi

Atiga 5 yil. To‘rt kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Farg‘onadagi portlash aybdorlariga sud hukmi o‘qildi

Farg‘ona shahrida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasidagi portlashda 4 kishi: shoxobcha hududi yaqiniga Cobalt mashinasida kelgan Sevara Yusupova va uning 4 hamda 2 yoshli farzanlari, shuningdek, 2006 yilda tug‘ilgan jiyani vafot etgandi.

2024 yil 17 dekabr kuni Farg‘ona shahar Yangiyo‘l mahallasida joylashgan Petrolium avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida kuchli portlash va yong‘in yuz bergan edi. oqibatda rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 4 kishi vafot etgan. Kun.uz’ning yozishicha, portlash bilan bog‘liq jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgan.

2025 yil 24 iyun kuni chiqarilgan sud hukmida keltirilishicha, “Farg‘ona Layli Naxor” xususiy korxonasiga Mansur Matkarimov rahbarlik qilib kelgan. U 2024 yil avgust oyida belgilangan talablarga rioya qilmasdan, shoxobcha hududiga hech qanday hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan mashinalarga propan gazini to‘ldirish uskunalarini hamda 1 dona 5 tonnalik va 2 dona 2,5 tonnalik gaz saqlovchi konteynerlarni o‘rnatgan. Qurilish-montaj ishlarini o‘zaro kelishuv asosida Matkarimovning tanishi Bahodir Tojimatov olib borgan.

Mansur Matkarimov 2024 yil dekabr oyida propan gazini sotish huquqini beruvchi lisenziyasi mavjud bo‘lmasa ham, “GTL Gaz” MCHJdan og‘zaki kelishuv asosida gaz mahsulotlarini olib, mashinalarga sotib kelgan. U 2024 yil 16 dekabr kuni “GTL Gaz” MCHJdan qiymati 158 mln so‘m bo‘lgan 19,8 tonna propan gazini olgan. Mahsulot 2024 yil 17 dekabr kuni soat 12:45 da shoxobcha hududiga Firdavs Norchayev boshqaruvidagi yuk mashinasida olib kelingan. Propanni quyish jarayonida 5 tonna hajmli konteyner yorilgan hamda gaz tashqariga sizib chiqib, portlash sodir bo‘lgan.

Buning oqibatida shoxobcha hududi yaqiniga Cobalt mashinasida kelgan Sevara Yusupova va uning mashinasida bo‘lgan 4 va 2 yoshli farzanlari, shuningdek, 2006 yilda tug‘ilgan jiyani vafot etgan. Bundan tashqari, portlash vaqtida shu hududda bo‘lgan 9 kishi turli darajada kuyish tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

JIB Farg‘ona tuman sudining hukmi bilan, Mansur Matkarimov Jinoyat kodeksining 190-moddasi (lisenziyadan olmasdan faoliyat yuritish) 5-qismi, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandi, 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a,b” bandlari va 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topildi.

Unga 3 yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Soxta hujjatlar tayyorlab berishda ayblangan ikki sudlanuvchi: O‘tkir Madaminov 4 yil-u 3 oy muddatga, Davron Xolmatov esa 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Qurilish ishlarini bajargan Bahodir Tojimatovga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ularning barchasi turli muddatlarga davlat organi hamda davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Sud hukmi bilan Mansur Matkarimovdan 4 nafar qurbonning qonuniy vakillariga 310 mln so‘mdan jami 1 mlrd 240 mln so‘m ma’naviy zarar, 12 nafar fuqaroviy da’vogarlarga esa jami 2 mlrd 358 mln so‘m moddiy zarar undirish belgilandi.

Avvalroq, Surxondaryoda sodir etilgan shov-shuvli jinoyatlar aybdorlariga hukm o‘qilgani haqida xabar bergan edik. Xususan, bundan 3 yil oldin qishloqlardan biriga 5 ta snaryad otishda ishtirok etgan Obid Saparov 16 yilga qamalgandi. Qolaversa, Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi raisi mast holda avtomobil boshqarib, YTHga uchragani, oqibatda uning mashinasidagi advokat halok bo‘lganiga oid ish yuzasidan hukm o‘qilgandi. Unga 5 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Kiritildi: 23:38 30.06.2025. O'qildi: 559 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!