AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning ta’kidlashicha, bu bosqichdagi asosiy maqsad — G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish va mojaroni hal qilish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvga erishish bo‘lishi kerak.
Bu haqda Report nashri Times of Israel manbasiga tayanib xabar berdi.
«Reja — urushni davom ettirish emas, uni tugatish», — dedi Uitkoff Isroilda garovda saqlanayotgan fuqarolarning yaqinlari bilan uchrashuv chog‘ida.
Uning ta’kidlashicha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi vaqtinchalik kelishuv o‘rniga, to‘liq tinchlik va barcha garovdagilarning qaytarilishiga erishish kerak.
Maxsus vakilning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo aholisining ko‘pchiligi ham garovdagilarning uylariga qaytishini xohlaydi, chunki shundan so‘ng anklavni tiklash jarayoni boshlanishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uitkoffning garovda qolganlarning yaqinlari bilan uchrashuvi uch soatga yaqin davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida AQSh va Isroil Qatar poytaxti Doxada garovdagilarni ozod etish va otashkesim yuzasidan olib borilayotgan muzokaralardan o‘z delegasiyalarini chaqirib olgan edi.
Shuningdek, Isroil Mudofaa armiyasi Bosh shtabi rahbari Eyal Zamir shanba kuni qilgan bayonotida yaqin kunlarda G‘azoda qolgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati yuzasidan aniqlik kiritilishini ma’lum qilgan.
2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS Isroilga hujum uyushtirgan edi. Bu hujumda 1 200 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 240 kishi garovga olindi. Javob tariqasida Isroil harbiylari G‘azo sektorida HAMASga qarshi harbiy amaliyotni boshlagan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha anklavda halok bo‘lganlar soni 60 mingdan oshib ketgan.