Savol: — «Mening 5 ta qizim bor. O‘g‘il farzandli bo‘lishni juda ham istayman. O‘g‘il farzand ko‘rishda iste’mol qilinadigan ovqatlarning ahamiyati bormi? Shu haqda ma’lumot bersangizlar?»
Samandar AVAZOV, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani.
— Bu savol juda ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Aslida spermatozoidlarning yarmi qiz, yarmi o‘g‘il bola bo‘ladi. Ulardan qaysi biri «uchrashuv»ga chiqishi noma’lum.
Homilaning o‘g‘il yoki qiz bo‘lishi ovqatlanishga bog‘liq emas. Agar shunday bo‘lganida edi, juftliklar o‘z rejasiga ko‘ra, aniqrog‘i, o‘g‘illi yoki qizli bo‘lish uchun maxsus ovqatlar yeyishardi.
Shunday bo‘lishiga qaramay, erkaklarning ehtiroslarini oshirishga yordam beruvchi afrodiziak (jinsiy maylni rag‘batlantiruvchi modda)lar bor. Afrodiziaklarga quyidagilarni misol keltirish mumkin: qazi, qarta, jigar, asal, shokolad, tarvuz, anor, banan, yong‘oq, piyoz, chesnok, selderey, ovqatlarga yoqimli ta’m beruvchi ziravorlar, qizil va qora ikra.
Imkon qadar taomlar tarkibi aminokislotalarga boy bo‘lishi maqsadga muvofiq. Taomlar ishtahani ochadigan darajada chiroyli ko‘rinsa va yoqimli hidi bo‘lsagina erkak kishiga yoqadi. Shuning uchun ham bejizga «Erkak kishi oshqozoni bilan sevadi», deyishmasa kerak.
Erkak biror ovqatni yoqtirib yesa, uning kayfiyati ko‘tariladi. Kimning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, unga omad kulib boqadi, hattoki farzandli bo‘lish borasida ham.
Agar biz shifokor bo‘la turib, mana bu yegulikni yesangiz o‘g‘il, mana buni iste’mol qilsangiz qiz tug‘iladi, desak xato bo‘ladi. Yuqorida aytganimdek, yaqinlik chog‘ida qaysi spermatozoid «uchrashuv»ga chiqishi sirli jarayon, buni vaqt ko‘rsatadi. Natija esa shunga yarata bo‘lishi tabiiy hol.
Odatda, homiladorlikning 8-haftasidan boshlab bo‘linish jarayoni boshlanadi. Taxminan 10-11-haftaga kelib, homilaning jinsini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Hozirda zamonaviy ultratovush apparatlarida homila jinsini aniqlash mumkin.
Afsuski, bolaning jinsini erta muddatlarda bilishning oqibatlari har doim ham yaxshilikka olib kelmaydi. Aniqroq qilib aytganda, oilada bir nechta bir xil jinsli farzandlar tug‘ilishiga chek qo‘yilishiga olib kelishi mumkin.
Masalan, 2 ta yoki 3 ta qizi bo‘lgan er-xotinlar, tabiiyki, navbatdagi farzandi o‘g‘il bo‘lishini istashadi. Ammo ular UTTda homila yana qiz ekanligini bilishsa, abort qildirish to‘xtamiga kelishlari ehtimoldan holi emas. Shuning uchun ham men gospitalimizda homila jinsini aniqlashga rozilik bermayman. Sababi shaxsan men abrotlarga qarshiman.
Xudo bergan farzandni dunyoga keltirish kerak, deb hisoblayman. Kim biladi, deysiz, yaxshilik o‘g‘ildan qaytadimi yoki qizdan?! Shunday ekan, kengroq fikrlash kerak.
Manba: shifoinfo_official