Mamlakatda birinchi bo‘lib kasallangan shaxs KDRning (Kongo Demokratik Respublikasi) 59 yoshli fuqarosi bo‘ldi, u 11 may kuni Kampalada shifoxonaga yotqizilgan. U uch kundan keyin, ya’ni Ebola epidemiyasi boshlangani ma’lum bo‘lishidan oldin vafot etgan. Ugandada tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan yana ikki nafar Kongo fuqarosida ham virusga topshirilgan test ijobiy natija bergan.
23 may kuni rasmiylar ugandaliklar orasida kasallanishning dastlabki holatlarini tasdiqladi — bular vafot etgan bemor bilan aloqada bo‘lgan haydovchi va tibbiyot xodimidir. Dushanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Kampaladagi xususiy shifoxonaning yana ikki nafar xodimi kasallangani haqida xabar berdi.
Epidemiyaga javoban Uganda prezidenti Yoveri Museveni fuqarolarni qo‘l berib ko‘rishishdan tiyilishga chaqirdi va Kampala yaqinidagi katolik cherkovida har yili o‘tkaziladigan, minglab ziyoratchilarni (jumladan, Kongodan ham) to‘playdigan diniy tadbirni boshqa muddatga ko‘chirishga buyruq berdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi barcha yo‘lovchi tashish qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Kongoning o‘zida esa, rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikka gumon qilinayotganlar soni 900 nafardan oshib ketgan — ular asosan sharqiy Ituri provinsiyasida qayd etilgan. Bu galgi epidemiya virusning "Bundibugyo" shtammi tufayli kelib chiqqan bo‘lib, unga qarshi hali tasdiqlangan vaksina ham, maxsus davolash usuli ham mavjud emas, deyiladi xabarlarda.