UFC rahbariyati o‘z xodimlariga Rio-de-Janeyroda spirtli ichimliklar iste’molidan tiyilishni tavsiya qildi.
Ma’lumki, 12 oktyabr tongida Rio shahrida navbatdagi UFC turniri bo‘lib o‘tadi va oqshomning asosiy jangida braziliyalik sobiq chempion Charlz Oliveyra polshalik Mateush Gamrotga qarshi oktagonga chiqadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyada ketma-ket odamlarning zaharlanishi ortidan xodimlarga ogohlantirish ichki xizmat xatida berilgan.
"Braziliyada tarkibida metanol bo‘lgan spirtli ichimliklarni iste’mol qilish holatlari ko‘paydi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Aleksandr Padilya fuqarolarga spirtli ichimliklarni, ayniqsa, tarkibida aralashmalar borligini aniqlash qiyin bo‘lgan distillangan ichimliklarni iste’mol qilmaslikni qat’iy tavsiya etdi. Shuning uchun spirtli ichimlik iste’mol qilishni rejalashtirgan bo‘lsangiz, sog‘lom fikr yuritishni qat’iy tavsiya etamiz", - deyiladi xizmat xatida.
Zaharlanishlar asosan aroq va viski orqali sodir bo‘lgan. Bugungi kunga qadar mamlakat bo‘ylab 200 ta holat tasdiqlangan, ulardan kamida uchtasi o‘lim bilan yakunlangan. Zaharlanishlar qasddan qilinganmi yoki ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasimi, hozircha aniq emas.