Evropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UYEFA) Jahon chempionati va boshqa FIFA musobaqalariga xususiy investorlarni jalb qilish rejasi amalga oshirilsa, FIFA turnirlarini boykot qilishini ma’lum qildi.
30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishda UYEFAga a’zo bo‘lgan barcha 55 milliy assosiasiya ushbu tashabbusga qarshi chiqdi. Ittifoq bayonotida Jahon chempionati futbolning eng muhim meroslaridan biri ekani va uni investisiya ob’ektiga aylantirish mumkin emasligi ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, agar FIFA prezidenti Janni Infantino xususiy investorlarga Jahon chempionati va boshqa turnirlarda mulk ulushlarini berish bo‘yicha rejasini amalga oshirsa, UYEFA FIFA musobaqalarini boykot qilish masalasini ovozga qo‘yadi. Buning uchun oddiy ko‘pchilik ovozi yetarli bo‘ladi.
Germaniyaning FAZ nashri yozishicha, FIFA mazkur rejani amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Bir qator ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, Janni Infantino a’zo assosiasiyalarga kelishuvni 19 sentyabrgacha ma’qullash muddatini belgilagan.
Germaniya futbol ittifoqi prezidenti Bernd Noyendorf mazkur tashabbusni tanqid qilib, Jahon chempionatini investorlar uchun ochish futbolning qadriyatlariga zid ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu reja qabul qilib bo‘lmaydigan qaror hisoblanadi.
Avvalroq OAVlarda FIFAning Jahon chempionati va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini tashkil etuvchi tijorat tuzilmasiga ehtimoliy investorlar qatorida AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner oilasi ham ko‘rib chiqilayotgani haqida xabarlar tarqalgan.