Bugun 7 iyul, 2025 yil, dushanba

КИР

UCHINCHI RENESSANS DAVRIDA ENG MUHIM MASKAN — MAKTAB

A A A
UCHINCHI RENESSANS DAVRIDA ENG MUHIM MASKAN — MAKTAB

Har qaysi davrda maktab kelajak kafolati bo‘lib kelgan. Qadim zamonlardan to bugungi kunga qadar ta’lim maskanlariga katta e’tibor berilgan. Masalan, mustamlaka davrida jadidlarimiz xalqni uyg‘otish, ma’naviy erkinlikka erishish uchun aynan maktabdan foydalanishgan.

“MENI NIMA QIYNAYDI? MAKTABDAGI SHAROIT”

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dastlabki islohotlaridan biri ham aynan maktablarga e’tibor qaratish bo‘ldi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki chekka-chekka hududlarda talabga umuman javob bermaydigan ta’lim maskanlari yetarlicha edi. Vaholanki, aynan shu chekka hududlarda iqtidorli, bilimga chanqoq yoshlar talaygina. Bo‘g‘iq sharoit esa bu iqtidorning shunchaki yo‘qqa chiqishiga sabab bo‘lardi. Shu bois davlatimiz rahbari Uchinchi Renessans yo‘lida avvalo maktablarni talabga javob beradigan holatga keltirish kerakligini ta’kidladi. Xususan, joriy yilning 12 may kuni bo‘lib o‘tgan va makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida: «Meni nima qiynaydi desangiz, aytaman: maktabdagi sharoit. Maktabdagi ahvollarni ko‘rsa, odam tavba deb yuboradi. Shu 4 yilda maktabga juda ko‘p e’tibor berdik, ammo muammolar hali ham ko‘p. Kamchiliklarni 27 yil ko‘rib-ko‘rmaslikka olganmiz. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqanddagi maktablarning ahvolini yaxshi bilaman», — deya alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, «Uchinchi Renessansga poydevor qurayotgan davrda, mablag‘larni to‘g‘ri sarflab, maktablarga birinchi navbatda yo‘naltirmasa, kitob, sharoit, o‘qituvchining ish haqini joy-joyiga qo‘yilmasa, niyatga erisha bo‘lmaslikni» alohida aytib o‘tdi.

MAKTAB — FAROVON KELAJAK SARI OSTONA

Davlatimiz rahbari o‘tgan yilgi belgilangan rejada aynan maktab mavzusiga jiddiy e’tibor qaratgandi. 2020 yilgi dasturga muvofiq 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital ta’mirlangan, shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazilgandi. 2021 yilgi davlat dasturida ham, shak-shubhasiz maktablarni rivojlantirish, sharoitlarini yaxshilash masalasi muhim o‘rin tutadi.
O‘zingiz o‘ylang, maktabga qadam qo‘ygan bola hali ilmga chanqoq, miyasi ma’naviy ozuqaga tashna bo‘ladi. Agar u o‘qishni niyat qilgan maktabda buning uchun sharoit bo‘lsa, bola kelajakda katta odam bo‘lib yetishadi. Maktabdagi sifatli ta’lim oliy o‘quv yurtiga kirishini ta’minlaydi, oliy o‘quv yurtidagi tahsil esa farovon kelajak sari omil bo‘ladi. Farovon kelajak yaratgan shaxs esa o‘z navbatida yurtiga kerakli kadrga aylanadi, yurtimizda baxtli oilalar soni bittaga ko‘payadi. Endi tasavvur qiling, shu bola o‘qimoqchi bo‘lgan maktabda sharoit yetarli bo‘lmasachi? Bola o‘ziga kerakli ta’limni ola olmasachi? Unda nima bo‘ladi? Bolaning o‘qishdan, bilim olishdan ko‘ngli qoladi, natijada oliy o‘quv yurtiga kira olmaydi, kelajakka shubha bilan qaray boshlaydi, eng yomoni davlat o‘zining bir yetuk kadridan ayriladi.
Bu o‘ta jiddiy oqibat. Yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan oqibat. Shu bois har qaysi maktabda sharoitni yaxshilash lozim. Zero maktab bir nechta o‘quvchini ziyoli shaxsga aylantirishga qodir bo‘lgan maskandir.

O‘zMTDP deputati Azat SEYTNAZAROV

Kiritildi: 10:54 06.07.2021. O'qildi: 2277 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!