Polsha bosh vaziri Donald Tusk Ukraina prezidenti Zelenskiyni “Oq Burgut” ordenidan mahrum qilishni taklif etgan prezident Navroskiyni qo‘llab-quvvatladi. Bunga Ukraina Maxsus operasiyalar kuchlari bo‘linmasiga "Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi qahramonlari" nomi berilishi haqidagi qaror sabab bo‘lgan, deb xabar bermoqda RMF24.
"Prezident Zelenskiyning ushbu afsuslanarli qaroridan keyin men prezident Navroskiyning munosabatini to‘liq tushundim", — dedi Tusk va o‘tmish hamda tarix masalasiga kelganda "Polsha jamoatchilik fikrini va mamlakat hukumatini hech kim bo‘lib yuborolmasligini" qo‘shimcha qildi.
"Har kimning o‘z milliy qarashlari bor va men ukrainaliklar sovet bosqinchilariga qarshi kurashganlar xotirasini ulug‘lashlarini tushunaman, lekin ular ayni paytda o‘zlarining eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan polshaliklarni o‘ldirganlarni ham ulug‘lashni istasalar, buni tushunolmayman... Ehtimol, bu dalillar Kiyevga yetib borar. Agar unday bo‘lmasa, bu bizning munosabatlarimiz hamdardlik bilan emas, balki qat’iy biznes asosida belgilanishini anglatadi", — deb bayonot berdi u.
"Kiyev tomoni bu muammoni o‘zi keltirib chiqardi, shunday ekan, endi yechimni ham o‘zi izlasin", — deya qo‘shimcha qildi Tusk.