Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi.
O‘zbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan fuqarolarimizni tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga ko‘chirish va mamlakatimizga olib kelishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 3-6 fevral kunlari Kahramanmarash shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi ta’lim markaziga vaqtinchalik joylashtirildi va ularning O‘zbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.
2023 yil 7 fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga ko‘ra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lganini afsus va chuqur qayg‘u bilan qayd etamiz. Tashqi ishlar vazirligi marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga o‘z hamdardligini bildiradi.
Bundan tashqari, to‘rt nafar hamyurtimiz bedarak yo‘qolgan. Ularni topish bo‘yicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.